Prezident Shavkat Mirziyoev Namangan viloyatiga tashrifi davomida To`raqo`rg`on tumanidagi Axsikent arxeologik yodgorlik majmuasini borib ko`rdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Axsikent eramizdan avvalgi III asrda tashkil topgan bo`lib, qadimgi Farg`ona davlatining poytaxti, Buyuk ipak yo`lining asosiy shaharlaridan biri bo`lgan. Tarixiy manbalarda, xususan, «Boburnoma»da bu kentning alohida ahamiyati haqida ko`p yozilgan. Qadimdan bu erda er osti suv inshooti bo`lgani bois mudofaa uchun qulay sanalgan.
Shahar Ark, ichki va tashqi shahardan iborat bo`lgan. Bu erda o`z davrida shishasozlik, kulolchilik, temirchilik, qurolsozlik kabi hunarmandlik turlari rivojlangan. 1620 yillarga kelib zilzila oqibatida ulkan shahar vayron bo`lgan.
Bugungi kunda xarobalarning 60 gektarga yaqin qismi saqlanib qolgan bo`lib, Farg`ona vodiysidagi eng katta arxeologik yodgorlikdir. Arxeologlar tomonidan temirchilar ustaxonasi, X-XIII asrlarga oid hammom qoldiqlari, askarlar xonalari, jome` masjidi, mudofaa devorlari, er osti irrigasiya tarmoqlari, hunarmandlar mahallasi, hukmdor qarorgohi – Ark qazib o`rganilgan.

Prezident topshirig`iga muvofiq 2017 yilda Axsikent tarixiy yodgorligini asrab-avaylash va tadqiq etish, uning haqqoniy tarixini yaratish bo`yicha ulkan ishlar boshlandi. «Axsikent» arxeologiya merosi ob`ektini muhofaza qilish va tadqiq etish direksiyasi» davlat unitar korxonasi tashkil etildi.
Hozirga qadar Belgiya, Avstriya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Eron, Pokiston, Hindiston kabi davlatlardan sayyohlar tashrif buyurgan.
Prezidentga Axsikent majmua bosh rejasi, uning tadqiqot olib borilgan ob`ektlari, hududda barpo etiladigan turistik majmua loyihasi haqida ma`lumot berildi.
Unga ko`ra, bu erda muzey tashkil etiladi. Axsikentning qadimiy dovrug`ini tiklash maqsadida ramziy darvoza quriladi. Umarshayx Mirzo va Boburning Kamoliddin Behzod chizgan suratlari asosida ularning haykali bunyod etiladi. Sayyohlar uchun Sirdaryo bo`ylab qayiqlarda sayr qilish, tuyada ko`hna shaharni tomosha qilish imkoniyati yaratiladi.
Zarur infratuzilma, savdo va xizmat ko`rsatish ob`ektlari qurilib, Axsikent turizm manziliga aylantiriladi.
Shavkat Mirziyoev majmuada qadimiy tariximizni targ`ib qiluvchi festival o`tkazish, Namangan davlat universitetida arxeologiya ta`lim yo`nalishlarini ochish bo`yicha tavsiyalar berdi. Tarixni tarixiy ob`ektlarda o`qitish, maktab va universitetdagi amaliy mashg`ulotlar va darslarning ayrimlarini shu erda o`tish zarurligini ta`kidladi.








