AsosiyJamiyat

Maktabgacha ta`lim muassasalariga sog`lom ovqatlanish oyligi e`lon qilindi

'Maktabgacha ta`lim muassasalariga sog`lom ovqatlanish oyligi e`lon qilindi'ning rasmi

Joriy yilning mart oyida maktabgacha ta`lim muassasalarida “Sog`lom ovqatlantirishni tashkil etish oyligi” o`tkaziladi.

Maqsad, maktabgacha ta`lim muassasalarida tarbiyalanuvchilarni xavfsiz va sog`lom ovqatlantirishni tashkil etish bo`yicha olib borilayotgan ishlarni takomillashtirishdir. Shuningdek maktabgacha ta`lim muassasalari oshxonalarida sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlariga rioya qilish, sanitariya-gigiena va epidemiyaga qarshi tadbirlar samaradorligini oshirish, ovqat tayyorlash uchun mas`ul xodimlar (hamshiralar, oshpazlar va ombor mudirlari)ning bilimlarini mustahkamlashdan iborat.

Shu maqsadda O`zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta`lim hamda Sog`liqni saqlash vazirliklarining maktabgacha ta`lim muassasalarida “Sog`lom ovqatlantirishni tashkil etish oyligi”ni o`tkazish to`g`risidagi qo`shma qarori qabul qilindi.

Maktabgacha ta`lim vazirligidan olingan ma`lumotlarga ko`ra, qo`shma qarorda:

- maktabgacha ta`lim muassasalari oshpazlari, omborchilari, hamshiralari uchun taom tayyorlash jarayonida texnologiya qoidalariga amal qilish, oziq-ovqat ombori ishini to`g`ri tashkil etish, maktabgacha ta`lim muassasalarida tarbiyalanuvchilar ovqatlantirishini tashkil etishda sanitariya-gigiena talablari va qoidalarining bajarilishini ta`minlash yuzasidan o`quv-seminarlar o`tkazish;

- maktabgacha ta`lim muassasalari uchun xarid qilinayotgan mahsulotlarning sifatli bo`lishi, muassasalarda tashkil qilingan brakeraj komissiyalari faoliyatini samarali tashkil etish;

- maktabgacha ta`lim muassasalari oshxonalarining texnologik jihozlar, sovutkichlar, oshxona jihozlari, omborxonada mahsulotlarni saqlash sharoitlarining sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlariga mosligi yuzasidan xatlov o`tkazish.

Joriy yilning mart oyidan boshlab maktabgacha ta`lim muassasalarida sog`lom ovqatlantirishni tashkil etishga mas`ul xodimlar (oshpazlar, omborchi va hamshiralar)ning ovqat tayyorlash texnologiyasi, mahsulotlarni sifatli qabul qilish, sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlariga rioya qilish yuzasidan bilim darajasini va ma`suliyatini oshirish doimiy tartib etib belgilandi.

Respublikaning barcha tuman(shahar) maktabgacha ta`lim bo`limlari va Davlat sanitariya-epidemiologiya markazlari tomonidan 2 mart kuni oshpazlar, 16 mart hamshiralar va 30 mart kuni omborchilar uchun o`quv seminarlari o`tkaziladi.

Maktabgacha ta`lim muassasalaridagi ovqatlantirish tizimidagi mavjud muammolar aniqlanadi va takliflar tayyorlanadi.

    Boshqa yangiliklar