1

Zamonaviy markazlar tashkil etiladi

Jamiyat 01.03.2019, 11:34
Zamonaviy markazlar tashkil etiladi

Bugungi kunda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimida respublika miqyosida 27 ta vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta`minlash byurolari faoliyat yuritmoqda. Shunga qaramay, aholining bir martalik ishga bo`lgan talabini qondirishda sifat va tezkorlik masalasida qator muammolar kuzatilmoqda. Shuning uchun ish so`rab kelgan fuqarolar byuro faoliyatidan qoniqmayapti, deya ta`kidlandi O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida o`tkazilgan yig`ilishda.

O`zbekiston yoshlar ittifoqi hamda bir qator hamkor tashkilotlar ishtirokida tashkil etilgan ishchi guruh yig`ilishida yollanib ishlayotganlar faoliyatini tartibga solish masalalari muhokama etildi.

Unda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Innovasion rivojlanish vazirligi, Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish Respublika kengashi, Toshkent shahar hokimligi vakillari, Mirobod, Shayxontohur, Uchtepa, Yashnobod va Olmazor tuman hokimlarining yoshlar siyosati ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosarlari hamda Ittifoqning Toshkent shahar, tuman Kengashlari raislari, yoshlar bandligi yo`nalishiga mas`ul xodimlar ishtirok etdilar.

Ma`lumki, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 yanvardagi yig`ilishida Toshkent shahrining 3 ta tumanida yollanma ishchilar faoliyatini tartibga solish maqsadida tajriba-sinov tarzida zamonaviy tipdagi vaqtinchalik ish bilan ta`minlash byurolarini tashkil etish belgilangan.

Yig`ilishda Markaziy Kengashning Bandlikka ko`maklashish va ijtimoiy himoya bo`limi tomonidan ishlab chiqilgan yollanma ishchilar uchun tajriba-sinov tarzida zamonaviy tipdagi vaqtinchalik ish bilan ta`minlash byurolarini tashkil etish konsepsiyasi taqdimoti o`tkazildi.

– Biz “DAY JOB UZ” xizmati agentligi tuzishni taklif qildik, – deydi O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bo`lim mudiri Bunyod Gafurov. – Uning markaziy idorasi O`zbekiston yoshlar ittifoqi qoshida tashkil etiladi. Toshkent shahridagi Shayxontohur, Yashnobod, Olmazor tumanlaridagi vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta`minlash byurolari binosida agentlikning filiallari joylashadi. Har bir fuqaro o`zining doimiy yoki vaqtinchalik yashash hududidan kelib chiqqan holda agentlikka bir marta a`zolikka qabul qilinadi. Har bir a`zo uchun “DAY JOB UZ” onlayn dasturiga kirish va kuzatib borish uchun maxsus raqam-kod beriladi. Shu orqali bir kunlik ishga chiqmoqchi bo`lgan ishchi xizmatga chaqiriladi.

Tadbirda Innovasion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilg`or texnologiyalar markazi etakchi mutaxassisi Rustam Ibragimovning bir martalik mehnat bozorlarini tartibga solish borasida ishlab chiqqan “Job cafe” mobil ilovasi loyihasi ko`pchilikda qiziqish uyg`otdi.

– “Job cafe” mobil ilovasida bir kunlik ishga chiquvchilarning elektron bazasi yaratiladi, – deydi Rustam Ibragimov. – Ilovani mobil telefoniga yuklab olgan ish beruvchi ish joyidan turib ishchini topib, telefon orqali bog`lanadi. Bu ham vaqtni tejaydi, ham ovoragarchiliklarning oldini oladi.

Yig`ilishda hamkor tashkilotlarning o`rni, vazifalar taqsimoti yuzasidan fikrlar almashildi.

Muhokamalar davomida Toshkent shahrining Mirobod, Shayxontohur va Olmazor tuman hokimlarining yoshlar siyosati va ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo`yicha o`rinbosarlari ham so`zga chiqib, bir qator takliflarini o`rtaga tashladi.

Go`zal Oxunova

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1