1

Ulug`bek Muhammadiev: Hokimiyat vakillari mulk egalariga qo`pol munosabatda bo`lmoqda

Jamiyat 01.03.2019, 14:51
Ulug`bek Muhammadiev: Hokimiyat vakillari mulk egalariga qo`pol munosabatda bo`lmoqda

Oliy Majlis Senatining o`n sakkizinchi yalpi majlisida ma`ruza qilgan Inson huquqlari bo`yicha vakili (Ombudsman) Ulug`bek Muhammadiev 2018 yilda Ombudsman manziliga siyosiy huquq va erkinliklar bo`yicha fuqarolardan 251 murojaat tushganini qayd etdi, deb xabar bermoqda O`zA.

Ular asosan O`zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish va undan chiqish bilan bog`liq. Fuqarolarning murojaat huquqlariga ham qat`iy rioya etilmadi. Chunki 52 shikoyatda murojaatni ko`rib chiqish muddati buzilgani, 110 shikoyatda fuqaro davlat organlari va muassasalari javoblarining mazmunidan qoniqmagani ma`lum qilingan.

Ombudsman manziliga inson va fuqaroning iqtisodiy huquq va erkinliklarini ta`minlash bilan bog`liq 2 ming 660 murojaat tushgan. Parlament nazorati sub`ekti sifatida Vakil tomonidan 512shikoyat nazorat tartibida ko`rib chiqilgan. Natijada fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo`yicha sudlar qarorlariga 6 ta protest, ish haqini to`lash to`g`risida sudlarga 2 ta da`vo kiritilgan.

16 nafar fuqaroga ish haqi to`lanishi ta`minlanib, 11 nafar fuqaro ishiga tiklangan. Umumiy qiymati 12 million so`mlik kreditni rasmiylashtirishda va 4 nafar murojaat etuvchiga fermer xo`jaligini rivojlantirish uchun er uchastkasi ajratishda yordam ko`rsatilgan. Davlat daromadiga 3 million so`m, murojaat qilgan fuqarolar foydasiga 149,8 million so`m undirilgan.

Ma`ruzachi o`z so`zida mahalliy hokimiyat organlari vakillarining mulk egalariga ko`p holatda qo`pol munosabatda bo`lishi aholining ijtimoiy kayfiyatiga putur etkazuvchi omil bo`layotganini ta`kidlagan. Bu esa xalq bilan muloqotni rivojlantirish va tadbirkorlarni qo`llab-quvvatlash choralariga zid holatdir. Shu bilan birga, joylarda tadbirkorlik va fermerlikni rivojlantirish yo`lida to`siqlar saqlanib qolmoqda. Bu Ombudsmanga kelayotgan shikoyatlarda aks etmoqda.

Shuningdek, ularda mahalliy hokimiyat va nazorat organlarining tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatiga asossiz aralashuvi, hujjatlarni rasmiylashtirishdagi byurokratik to`siqlar, ishlab chiqarishni, fermer xo`jaligini yaratish yoki kengaytirish uchun er maydonlari olishning amalda qiyinligi ham bayon qilinmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1