1

2019 yil 1 martdan qonunchilikda nimalar o`zgaradi?

Jamiyat 01.03.2019, 16:47
2019 yil 1 martdan qonunchilikda nimalar o`zgaradi?

O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" telegram kanali 2019 yil 1 martdan qonunchilikda nimalar o`zgarishi haqida ma`lumot berdi.

1. Tadbirkorlik, biznes sohasida

Bugundan boshlab jismoniy shaxslar ham qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyati bilan shug`ullanishi mumkin.

Buning uchun lisenziya olish va o`lchamlari 1 gektardan ortiq bo`lmagan sochma oltin konlaridan foydalanish huquqini elektron auksion orqali sotib olish lozim.

2019 yil 1 martdan:

tadbirkorlarni davlat ro`yxatidan o`tkazishda bank hisob raqamlarini masofadan turib ochishga ruxsat beriladi;

iste`molchilarni elektr ta`minotidan ruxsatsiz uzganlik uchun iqtisodiy sanksiyalar qo`llaniladi;

ko`chmas mulkka bo`lgan huquqlarni davlat ro`yxatidan o`tkazish va kadastr hisobini yuritish uchun ariza eksterritoriallik prinsipi asosida (istalgan joydan) berilishi mumkin;

davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan tadbirkorlarning hujjatlarga muhr bosilishini talab qilishi taqiqlanadi.

2. Ijtimoiy soha, to`lovlar

“Mehribonlik” uylari va bolalar shaharchalarining rahbarlari va tarbiyachilari, xalq ta`limi muassasalari tarbiyachilarining bazaviy tarif stavkasi bugundan 1,5 barobarga oshirilib, umumta`lim maktablari bazaviy tarif stavkasining 75 foizi darajasida belgilanadi.

Bundan tashqari bugundan boshlab oilaga tarbiyaga olingan (patronat) har bir bola uchun to`lanadigan nafaqa miqdori 1,33 barobarga oshirilib, 820 000 so`mni tashkil qiladi, keyinchalik inflyasiya hajmidan kam bo`lmagan miqdorda oshirib boriladi.

Bugundan boshlab bolalikdan nogironligi bo`lgan farzandi bor onalarga, ular pensiya yoshiga to`lgandan so`ng, agar ularda pensiya tayinlash uchun zarur staj mavjud bo`lmasa, ijtimoiy nafaqa to`lash bo`yicha tartib kuchga kirdi.

Davlat xizmatlari, axborot texnologiyalari

Fuqarolar bugundan oylik ish haqlari haqidagi ma`lumotlarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olishi mumkin.

Bundan tashqari, “Elektron jinoiy-huquqiy statistika” yagona axborot tizimi ham bugundan to`liq ishga tushirilishi lozim.

Maktablarga bolalarni Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilish tartibi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Ta`lim, nostrifikasiya

2019 yil 1 martdan quyidagilarning ta`lim olganlik to`g`risidagi hujjatlari to`g`ridan-to`g`ri (maxsus sinovlarsiz) tan olinadi va nostrifikasiya qilinadi:

• O`zbekistonda alohida bo`linmalari bo`lgan xorijiy ta`lim muassasalarida o`qigan fuqarolarning;

• xalqaro reytingda birinchi 1000 o`rinni egallagan xorijiy oliy ta`lim muassasalarida o`qigan fuqarolarning;

• vazirlik va idoralarining yo`llanmalari asosida xorijiy davlatlar tomonidan ajratilgan kvotalar (grantlar) hisobidan ta`lim olgan fuqarolarning;

• 1992 yil 1 yanvargacha xorijiy ta`lim muassasalariga o`qishga kirgan fuqarolarning;

• Oliy ta`limda sifatni kafolatlash Evropa assosiasiyasining to`laqonli a`zolari – vakolatli tashkilotlar tomonidan akkreditasiya qilingan ta`lim muassasalarida ta`lim olgan fuqarolarning;

• Amerika Qo`shma Shtatlari, Avstraliya Ittifoqi, Isroil Davlati, Kanada, Singapur Respublikasi, Koreya Respublikasi, Yaponiya davlatlarida ta`lim olgan fuqarolarning;

• vazirlik va idoralar tomonidan ajratilgan mablag`lar hisobidan xorijda ta`lim olgan fuqarolarning.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1