1

O`zbekiston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig`i Rossiya delegasiyasini qabul qildi

Jamiyat 02.03.2019, 04:20
O`zbekiston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig`i Rossiya delegasiyasini qabul qildi

1 mart kuni O`zbekiston mudofaa vazirining birinchi o`rinbosari — Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig`i general-mayor Pavel Ergashev Rossiya Federasiyasi Markaziy harbiy okrugi qo`shinlari qo`mondoni general-polkovnik Aleksandr Lapin boshchiligidagi harbiy delegasiyani qabul qildi. Bu haqda Mudofaa vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda tomonlar ikki davlat mudofaa idoralarining hamkorligi hamda uni rivojlantirish istiqbollari, harbiy-ta`lim yo`nalishida o`zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash masalalarini muhokama qilishdi.

O`zbekiston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig`i Pavel Ergashev davlatlarimiz rahbarlari hamda mudofaa vazirlarimiz darajasida muntazam ravishda o`tkazib kelinayotgan uchrashuvlar strategik hamkorlik va mamlakatlarimiz o`rtasida ittifoqdosh munosabatlarni mustahkamlashga, shuningdek, mintaqada xavfsizlikni ta`minlashga qo`shimcha turtki bo`lishini ta`kidladi.

General-mayor P. Ergashev Rossiya Markaziy harbiy okrugi qo`shinlari qo`mondoniga O`zbekiston Mudofaa vazirligi qo`shinlarining jangovar tayyorgarligini oshirish masalalarida ko`rsatayotgan yordami uchun minnatdorlik bildirdi.

2017 yilning oktyabrida “Forish” tog` poligonida (Jizzax viloyati) ikki mamlakat o`rtasida harbiy hamkorlik hamda Rossiya — O`zbekiston qo`shma harbiy mashg`ulotlari o`tkazilgan, unga Rossiya Markaziy harbiy okrugiga qarashli tog`-o`qchi bo`linmalari ham jalb etilgandi.

Uchrashuvda 2016 yildan qayta tiklangan O`zbekiston harbiy xizmatchilarini Rossiya muassasalarida o`qitish amaliyoti ham naqadar ahamiyatli ekanligi alohida aytib o`tildi.

Aleksandr Lapin O`zbekiston Rossiyaning strategik hamkori hamda Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikning kafolati ekanligini bildirdi.

Uchrashuvdan so`ng Rossiya Qurolli Kuchlari delegasiyasi O`zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasiga tashrif buyurib, oliy harbiy ta`lim muassasasi tarixi va faoliyati, shuningdek, qo`mondonlik va shtab bo`g`inida harbiy kadrlarni tayyorlash sohasidagi yangicha yondashuvlar bilan tanishdi.

Rossiya Federasiyasining harbiy delegasiyasi ertaga Samarqand shahriga tashrif buyurib, shaharning tarixiy va madaniy obidalari bilan yaqindan tanishadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1