Buyuk Britaniya Qirollik harbiy akademiyasi mutaxassislari O`zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasi professor-o`qituvchilari tarkibi bilan mashg`ulotlar o`tkazish uchun yurtimizga tashrif buyurdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qirollik harbiy akademiyasi professorlari Ed Flint hamda Dunkan Anderson Qurolli Kuchlari akademiyasida harbiy ta`lim olayotgan kursantlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi, ta`lim sifatini yanada yaxshilash bo`yicha o`z maslahatlari bilan bo`lishishdi.
Akademiya professor-o`qituvchilari bilan o`tkazilgan mashg`ulotlar davomida so`nggi paytlarda ko`p tilga olinayotgan va dunyo ahli uchun katta muammoga aylanib ulgurgan «Gibrid urushlari» mavzusiga alohida to`xtaldi. Bu bo`yicha dunyo miqyosida amalga oshirilayotgan sa`y-harakatlar va ularning natijalari qayd etildi. Akademiya professor-o`qituvchilari mazkur dolzarb mavzu yuzasidan o`z fikr-mulohazalarini bildirib o`tdilar.

Mashg`ulotning ikkinchi kunida Niderlandiyaning Bryunsyum shahridagi NATOning Birlashgan kuchlar qo`mondonligi bilan videokonferensiya ham uyushtirildi. Unda NATO mutaxassislarining yurtimizga galdagi rejalashtirilgan tashrifi oldidan «Amaliyotlarni rejalashtirish jarayoni» mavzusida uslubiy-yo`riqnoma mashg`uloti o`tkazildi. Videokonferensiyani NATO mutaxassislari Mishel Tereza Uard, Lejik Boyarskiy va Grzegors Remizevskiylar olib bordi.






