Chirchiq oliy tank qo`mondonlik-muhandislik bilim yurti o`quv jarayonini ta`minlash bo`linmasida muddatli harbiy xizmatni o`tab bo`lgan yigitlarni taqdirlash hamda ularni tantanali ravishda kuzatish marosimi bo`lib o`tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Unda Chirchiq shahar hokimiyati vakillari, Yoshlar ittifoqi shahar kengashi faollari, o`quvchi yoshlar, bilim yurti shaxsiy tarkibi hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli sozandalari va xonandalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo`shiqlar askarlarni davraga chorladi. Bilim yurti kursantlari namoyish etgan qo`l jangi elementlari bilan chiqishlari esa o`quvchi yoshlarda yorqin taassurot qoldirdi.
Harbiy orkestr sadolari ostida navqiron posbonlar peshma-pesh taqdirlandi.
“Muddatli harbiy xizmatni o`tash davomida askarlarimiz qalbida vatanparvarlik, Vatanni sevish, yurtga sadoqat tuyg`ulari kuchaytirildi. Yakuniy test sinovlaridan muvaffaqiyatli o`tib, namunali xizmati bilan quroldoshlariga o`rnak bo`lgan oddiy askarlar imtiyozli tavsiyanoma, faxriy yorliq va esdalik sovg`alari bilan taqdirlandi”, – deydi bilim yurti boshlig`ining o`rinbosari podpolkovnik Akrom Shohakimov.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Prezidentining 2019 yil 22 fevraldagi «O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatni o`tash tartibini takomillashtirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlari to`g`risida»gi qaroriga asosan joylarda chaqiruv yoshidagi fuqarolarni milliy armiyamiz saflariga tantanali kuzatish marosimlari ham boshlangan.