O`zbekiston Mudofaa vazirligi sport majmuasida Armiya qo`l jangi bo`yicha shu yilda Mustaqil davlatlar hamdo`stligiga a`zo davlatlar do`stona armiyalarining spartakiadasi doirasida o`tkaziladigan armiya qo`l jangi chempionatiga saralash musobaqasi bo`lib o`tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Unda barcha harbiy okruglar, Havo hujumidan mudofaa va Harbiy havo kuchlari hamda Toifalangan ob`ektlarni qo`riqlash qo`shinlari qo`mondonliklari, shuningdek, respublikamizdagi oliy harbiy ta`lim muassasalari vakillari o`zaro bellashdi.

Musobaqa 7 ta — -65 kg, -70 kg, – 75 kg, – 80 kg, – 85 kg, – 90 kg hamda 90 kilogrammdan yuqori vazn toifasida uch bosqichda (dastlabki — saralash, yarim final va final) o`tkazildi.
Yakuniy natijalarga ko`ra, O`zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasi terma jamoasi 3-o`rinni qo`lga kiritdi. Ikkinchi pog`ona esa Markaziy harbiy okrugi jamoasiga nasib etdi. Chempionatning mutlaq g`olibiga Toshkent harbiy okrugi harbiylari ega chiqdi.
G`olib va sovrindorlar diplom, faxriy yorlik hamda esdalik sovg`alari bilan taqdirlandi.


Ta`kidlash joizki, o`tgan yili Mustaqil davlatlar hamdo`stligiga a`zo davlatlar do`stona armiyalarining spartakiadasi doirasida Toshkentda o`tkazilgan Armiya qo`l jangi chempionatida O`zbekiston Mudofaa vazirligi hariylari umumjamoa hisobida birinchi o`rinni qo`lga kiritgan edi. Bu yilgi xalqaro darajadagi musobaqa 10—15 sentyabr kunlari Qozog`istonda Respublikasida bo`lib o`tadi.








