Xalqimizda kasalni davolagandan ko`ra, oldini olgan afzal, degan naql bor. Shuning uchun ham mamlakatimizda yuqumli bo`lmagan kasalliklar hamda ularning xavf omillarining oldini olish, davolash va nazorat qilish, aholining barvaqt o`lim hamda kasallanishini kamaytirish bo`yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining o`tgan yilning 18 dekabridagi “Yuqumli bo`lmagan kasalliklarning profilaktikasini, sog`lom turmush tarzini qo`llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori bu kabi sa`y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqish imkonini bermoqda.
Ushbu vazifalar ijrosini ta`minlash hamda aholi orasida sog`lom turmush tarzini keng targ`ib etish maqsadida Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan mamlakatimiz bo`ylab joriy yilning 16 mart kuni Respublika yurish marafoni tashkil etildi.

Jumladan, erta tongdan Toshkent shahridagi muhtasham va ko`rkam Milliy stadionida Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov boshchiligida vazirlik markaziy apparati xodimlari, tizimdagi muassasalar rahbarlari, tibbiyot oliy o`quv yurtlari rektorlari ishtirokida yurish marafoni tashkil etildi. Yurtimizning taniqli san`atkorlari, madaniyat namoyondalari o`zlarining chiqishlari bilan tadbirga fayz kiritgan bo`lsa, tibbiyot xodimlari tomonidan sog`lom turmush tarzining ahamiyati, jumladan, yurishning sog`lik uchun foydali jihatlari haqida suhbatlar o`tkazildi.
Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining ma`lumotiga ko`ra, inson salomatligi 55 foiz holatda sog`lom turmush tarziga, 20 foizi yashayotgan ekologik muhitiga, 15 foizi irsiy omillarga, bor yo`g`i 10 foizi tibbiyotga bog`liq ekan. Demak, sog`lom turmush tarziga muntazam ravishda amal qilish turli xastaliklardan holi, chiroyli va baxtli yashash omilidir. Eng muhimi, millat genofondiga ijobiy ta`sir ko`rsatadi.
— Hozirgi urbanizasiya davrida kamharakatlilik butun dunyoning o`tkir muammosiga aylanmoqda. Holsizlik, uyquchanlik, uyquning buzilishi, diqqat-e`tiborni jamlashning sekinlashishi, xotiraning pasayishi, sababsiz charchash hissi, semizlik — bu kabi belgilar har bir kishida uchraydi, lekin kamdan-kam odamlar bu holatlarni kamharakatlilik bilan bog`laydi, — deydi Sog`liqni saqlash vazirligi qoshidagi Aholining sog`lom turmush tarzini qo`llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Barno Odilova. — Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma`lumotiga ko`ra, yiliga chekishdan 5 milliondan ziyod, kamharakatlilikdan esa qariyb 5,3 million odam hayotdan ko`z yumadi. Ushbu globallashib borayotgan muammoni hal qilishga har birimiz mas`ulmiz. O`z o`rnida Sog`liqni saqlash vazirligi fuqarolarni faol harakatga chaqirib, yurish marafonini tashkil qildi. Asosiysi, bu kabi tadbirlar bir martalik emas, balki doimiy tarzda o`tkaziladi.
E`tiborli jihati, yurish barcha sport turlari orasida eng osoni va qulayidir. Buning uchun juda ko`p energiya sarflashning hojati yo`q, ijobiy ta`siri esa juda yuqori. Yurish organizmning umumiy holatiga ta`sir ko`rsatadi, mushaklarni baquvvat qiladi, suyak to`qimasini mustahkamlaydi, harakatlarni muvofiqlashtirishni rivojlantiradi. Jismoniy faoliyatning bunday turi harakatning eng xavfsiz turi hisoblanib, uni deyarli har bir kishi — o`smirdan tortib, keksa odam ham bemalol bajarishga qodir.
Mutaxassislarning ma`lum qilishicha, haftada atigi 2,5 soatlik jismoniy faollik erta o`lim holatlarini 28 foizga, yurak kasalliklarini ehtimolini esa 20 foizga kamaytirar ekan. Ya`ni, haftada kamida 150 daqiqa jismoniy faol bo`lgan insonlar kamroq harakatlanadiganlarga qaraganda sog`lomroq ekan. Bundan tashqari, jismoniy faollik natijasida organizmda biosintez jarayoni faollashadi, qon aylanish jarayoni 4-5 marta kuchayadi, yurak qisqarishlari soni tezlashadi, bu esa organizmda yangi energiya hosil bo`lishiga va energiya bilan ta`minlanish yaxshilanishiga olib keladi.
Unutmaylik, sog`lom turmush tarzi, jumladan, yurish salomatlikni mustahkamlaydi, kasalliklardan muhofaza qiladi hamda umrni uzaytiradi. Buning uchun ko`p narsa talab etilmaydi. Shunchaki, yurishni kundalik odatga aylantirsangiz kifoya!
Sog`liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi






