AsosiyJamiyat

O`zbekiston davlat farmakopeyasi Evropa standartlari asosida takomillashtiriladi

'O`zbekiston davlat farmakopeyasi Evropa standartlari asosida takomillashtiriladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi direktori o`rinbosari Alisher Temirov boshchiligidagi delegasiyasi Fransiyaning Strasburg shahrida bo`lib o`tgan Sog`liqni saqlash uchun dori vositalarining sifati bo`yicha Evropa kengashi direktorati Evropa farmakopeyasi 163-sessiyasida ishtirok etdi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi ma`lum qildi.


Ma`lumki, dori vositalarining sifati inson salomatligini saqlab qolish va uzoq umr ko`rish darajasini oshirishda muhim omil sanaladi. Shu bois ushbu sohani rivojlantirish jahon farmasevtika jamiyatida bo`lganimamlakatimizda ham ustuvor vazifalardan hisoblanadi.

Globallashuv sharoitida dori vositalarini standartlashtirish va sifat nazorati bo`yicha umumiy yondashuvlar zarurati mavjud. Bunda turli mamlakatlar mutaxassislari bilan axborot va fikr almashish juda muhim. 2018 yil mart oyida Evropa Farmakopeyasi O`zbekiston Respublikasini kuzatuvchi maqomida qabul qilishi ushbu yo`nalishda muhim qadam bo`ldi.

Ta`kidlash joizki, hozirda mamlakatimizda boshqa sohalar qatori farmasevtika sanoati ham faol rivojlanib bormoqda. Mahalliy farmasevtika korxonalari tomonidan sifatli, raqobatbardosh, xavfsiz, samarador dori vositalari ishlab chiqarilishi yo`lga qo`yilgan bo`lib, nafaqat davlatimiz hududida, balki xorijiy, jumladan, MDH davlatlari, AQSh, Kanada, Afg`onistonga va boshqa davlatlarga ham dori vositalari eksport qilinmoqda. Bundan tashqari, Evropa farmasevtika assosiasiyasi bilan samarali hamkorlik yurtimiz aholisi va sog`liqni saqlash muassasalarini arzon va sifatli dori-darmon bilan ta`minlash darajasini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Evropalik farmakopeyaning 163-sessiyasida muhim ahamiyatga ega bo`lgan voqea Sog`liqni saqlash uchun dori vositalarining sifati bo`yicha Evropa kengashi direktorati direktori Suzanna Kaytel hamda “Dori vositalari, tibbiy buyumlari va tibbiy texnika ekspertizasi va standartizasiyasi Davlat markazi” DUK direktori Sherzod Abdug`aniev o`rtasida imzolangan “O`zbekiston Respublikasi davlat farmasevtika institutini yaratish uchun Evropa farmakopeyasining matnlaridan nusxa ko`chirish va moslashtirish huquqini berish to`g`risida”gi kelishuv bo`ldi.

– Bugun yurtimizda 150 dan ortiq mahalliy dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjud bo`lib, ular tomonidan 2500 nomdagi dori vositalari davlat ro`yxatidan o`tkazilgan, – deydi Sherzod Abdug`aniev. – Hozirgacha dori-darmonlarning sifat nazorati bir qator xorij mamlakatlarning xalqaro e`tirof etilgan farmakopeyalari talablariga muvofiq amalga oshirilar edi. Endilikda mazkur kelishuvga muvofiq, yagona, xalqaro talablar bilan muvofiqlashtirilgan O`zbekiston Davlat farmakopeyasi chop etiladi. Natijada dori vositalari, reaktivlar, dori shakllari sifat nazoratining uyg`unlashgan zamonaviy xalqaro standart talablari darajasida amalga oshirish, ularning xavfsizligini ta`minlash hamda mahalliy dori vositalarini xorijiy davlatlarda ro`yxatdan o`tkazish jarayonining qisqa muddatlarda amalga oshirish imkoniyati yuzaga keladi. Bu, o`z navbatida, mamlakatimiz farmasevtika sanoatining eksport salohiyatini sezilarli darajada oshiradi.


    Boshqa yangiliklar