Sharof Rashidov tumani maishiy xizmat va iqtisodiyot kasb-hunar kollejida viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i, 3-sektor rahbari, general-mayor G`ayrat Qodirov tumanning bir qator mahallalari fuqarolari bilan uchrashdi. Mazkur muloqotda hududda kuzatilgan ayrim kamchilik va muammolarni bartaraf etish chora-tadbirlari belgilab olindi.
“Yoshlik”, “Selariq”, “Xayrobod”, “Toshkent”, “Bobur”, “Qorayantoq”, “Tuyoqli” mahallalari aholisi bilan uchrashuvda Sharof Rashidov tumani hokimi Zoir Mirzaev rahbarligida hududdagi tashkilot, korxona va muassasalar mas`ullari hamda bir qator viloyat korxonalari vakillari qatnashdilar.
Tadbir avvalida mamlakatimiz rahbarining O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 yanvardagi “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo`yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori hamda 2019 yil 17 yanvarda “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga to`xtalib o`tildi.
Xususan, viloyat ichki ishlar boshqarmasi mas`ulligidagi 3-sektorda aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish borasidagi tadbirlar haqida ma`lumot berildi. Shundan so`ng fuqarolar mavjud kamchiliklar, ularni o`ylantirayotgan masalalar yuzasidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig`iga murojaat etishdi.
Muloqot davomida gaz, elektr, ichimlik suvi ta`minoti, yo`llar nosozligi hudud aholisini qiynayotgan asosiy masalalar ekanligi ayon bo`ldi. Shu ma`noda, kommunal idoralar mas`ullariga mavjud muammolarni o`rganish, kam xarajatlilarini ichki imkoniyatlarni ishga solgan holda, yiriklarini ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar va yo`l xaritalarga kiritish orqali hal etish belgilab olindi.
Shuningdek, uy ta`miri, salomatlikni tiklash, turar joy va er uchastkalari olish, merosga egalik qilish, xorijdan keltirilgan avtoulovni rasmiylashtirish, mahallalardan chiqindilarni olib chiqish tizimini yo`lga qo`yish, tadbirkorlik uchun kredit va er maydoni olish, maktabgacha ta`lim muassasalari faoliyatini yo`lga qo`yish, nogironlik aravachasi bilan ta`minlash, nogironga qaraganlik uchun nafaqa tayinlash bo`yicha ko`mak so`raldi.
Madaniyat saroyini rekonstruksiya qilish, qabristonni devor bilan o`rash, ariq-zovurlarni chiqindilardan tozalash, ko`prik qurish, jamoat transporti qatnovini yo`lga qo`yish, fuqarolar yig`iniga bino ajratish kabi masalalar yig`ilganlar e`tiborida bo`ldi. Ko`tarilgan har bir masala yuzasidan mas`ullar biriktirilib, hal qilish muddatlari belgilandi.
Tadbir davomida ayrim muammolar echimi bo`yicha jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, hasharlar uyushtirish masalasi ham ko`rib chiqildi. Bunday muloqotlar viloyatimizning barcha hududlarida o`tkazilmoqda.
Jizzax IIB axborot multimedia guruhi