Co`nggi 10 yilda mamlakatimizda bosma OAV soni 1,5 barobarga, elektron OAV esa 7 barobarga o`sdi. Umumiy hisobda milliy media bozorida 1 ming 400 dan ziyod ommaviy axborot vositalari faoliyat yuritmoqda. Bunda 70 foizdan ortiq bosma nashrlar, 60 foiz barcha tele- va 85 foiz radiokanallar nodavlat tashkilotlaridir.
Mazkur raqamlar joriy yilning 18 noyabr kuni bo`lib o`tgan “Axborot sohasida bozor munosabatlari va raqobat sharoitida OAVning erkinligi kafolatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari” mavzusida ilmiy-amaliy seminarda qayd etildi.
Shuningdek, yig`ilishda media sohaning eng yangi va jadal rivojlanayotgan yo`nalishi mahalliy internet-nashrlar segmenti ekanligi ta`kidlandi. Jumladan, 1995 yil 29 aprelda “.uz” domeni ro`yxatdan o`tgan bo`lsa, 2010 yil fevral oyiga kelib 10-minginchi veb-sayt ro`yxatga olingan. 2014 yil sentyabr holatiga ko`ra, ushbu raqam qariyb ikki barobarga o`sib, 18,3 mingtadan oshdi.
Xalqaro ilmiy-amaliy seminar yakunida ishtirokchilar shunday xulosaga keldi: matbuot erkinligi kafolatlari ko`p jihatdan axborot sohasida bozor munosabatlari, raqobatni rivojlantirish, ularning iqtisodiy erkinligini ta`minlash orqali amalga oshiriladi, bu esa ularning mustaqil faoliyat yuritishi va rivojlanishining manbaiga aylanishi kerak va bugun O`zbekiston axborot makonida axborot organining mulk shakli, adadi, qamrovi, mavzuviy yo`nalishidan qat`iy nazar barcha uning ishtirokchilariga sog`lom raqobat uchun barcha zarur sharoitlarni ta`minlamoqda. Bu haqda UzReport xabar qiladi.





