«O`zekspomarkaz»da «Sport World Uzbekistan – 2014» va «Bolalik dunyosi – 2014» xalqaro ko`rgazmalari ish boshladi, deb xabar berdi O`zA.
Ko`rgazmalar «Sog`lom bola yili» Davlat dasturi ijrosi doirasida O`zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligi, Xalq ta`limi vazirligi, O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg`armasi ko`magida «O`zekspomarkaz» milliy ko`rgazmalar majmui tomonidan tashkil etildi.
Tadbirda sportni rivojlantirish va ommalashtirish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy siyosatning ustuvor yo`nalishlaridan biri ekani ta`kidlandi. Mustaqillikning dastlabki yillaridan barkamol avlodni tarbiyalashning muhim vositasi sifatida bolalar sportini rivojlantirishga alohida e`tibor qaratib kelinmoqda. 2014 yilning Prezidentimiz tashabbusi bilan Sog`lom bola yili deb e`lon qilingani ushbu yo`nalishda amalga oshirilayotgan ishlarning mantiqiy davomi bo`ldi.
Sport infratuzilmasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli ishlar samarasida bugungi kunda mamlakatimizda 1500 dan ortiq bolalar sporti ob`ekti faoliyat yuritmoqda. Bu ob`ektlar asosan yurtimizda ishlab chiqarilayotgan sport inventarlari bilan jihozlanmoqda. 120 turdagi sport inventari va uskunalarining 116 tasi korxonalarimizda ishlab chiqarilmoqda.
Mamlakatimiz sport sanoatining so`nggi ishlanmalarini o`zida mujassam etgan ixtisoslashtirilgan «Sport World Uzbekistan» sport uskunalari, anjomlari va kiyimlari ko`rgazmasi ikkinchi marta o`tkazilmoqda. Unda o`ttizdan ziyod kompaniya ishtirok etayotir.
«Bolalik dunyosi – 2014» ko`rgazmasida bolalar va o`smirlar uchun turli tovarlar – bolalar adabiyoti, o`yinchoqlar, aqlni charxlaydigan o`yinlar, sanitariya-gigiena vositalari, kiyim va poyabzal mahsulotlari omma e`tiboriga havola qilingan.
Ko`rgazmaning yirik bo`limlaridan biri – «Bolalar adabiyoti» bo`limida «O`zbekiston», «O`qituvchi», G`afur G`ulom nomidagi, Cho`lpon nomidagi nashriyotlarda chop etilgan keng turdagi bolalar, o`quv va uquv-uslubiy adabiyotlar namoyish etilmoqda.
Tashkilotchilarning so`zlariga ko`ra, xalqaro ko`rgazmalar yurtimiz ishlab chiqaruvchilariga o`z mahsulotlarini namoyish etish, shuningdek, boshqa mamlakatlarning sport va bolalar tovarlarini tayyorlaydigan etakchi kompaniyalar vakillari bilan uchrashish, muzokara o`tkazish, tajriba almashish va uzoq muddatli aloqalarni yo`lga qo`yish imkonini beradi.
20.11.2014 08:21





