Hidoyat sari
66-modda.
Voyaga etgan, mehnatga layoqatli farzandlar o`z ota-onalari haqida g`amxo`rlik qilishga majburdirlar.
(O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasidan)
Har bir inson farzandining zimmasidagi eng asosiy burchlaridan biri shubhasiz ota-onaga nisbatan hurmat-ehtirom sanaladi. Muqaddas oyat va hadislarda bu masalaga takror va takror murojaat qilingan. Bu borada buyuk ajdodlarimizning ham juda ko`p o`git va nasihatlari bizgacha etib kelgan. Biroq, ota-onaning qadriyaga etmaydiganlarlar har doim, har zamonda uchrab turadi.
Maktubdan iqtibos
Oq fotihamizni qaytarib olamiz...”
“Yoshimiz etmishdan oshib qolgan. O`n yilcha ilgari bittayu bitta o`g`limiz xorijga borib ishlab kelish uchun bizdan oq fotiha so`radi. “Mayli, o`zing shuni tanlabsan, biz yo`lingga g`ov bo`lmaylik” deb o`g`limizni uzoq yo`lga kuzatdik. Avvaliga orttirganini bizga, oilasiga yuborib turdi. Oradan ikki u yil o`tib, umuman bizdan xabar olmay qo`ydi. Hatto uch farzand, xotiniga ham pul yubormayapti. Ikkimizning pensiyaimiz bilan ro`zg`orimiz bir navi o`tib turadi. Eshitishimizcha, o`g`limiz o`sha erdan uylanibdi, ikkita farzandi ham bor emish. Biz shu maqsadda o`g`il o`stirganmidik? Ertaga bizni kim so`nggi yo`lga kuzatadi? Har kuni Xudodan o`g`limizga insof so`rashdan boshqa ilojimiz qolmadi. Agar o`g`limiz aql-hushini yig`ib, ortga, oilasiga qaytmasa bergan oq fotihamizni qaytib olamiz...”
A.V., D.P. Qashqadaryo viloyati
Ham qarz, ham farz
Har bir insonning dunyoga kelishi, voyaga etishi, komil inson bo`lib tarbiya topishida hech kim ota-onaning o`rnini bosa olmaydi. Shu bois, qadim-qadimdan xilqimizda ota-onani hurmatlash azaliy qadriyatlarimiz qatoridan o`rin olib kelgan. “Ota rozi – xudo rozi”, “Ota-onang ish buyursa, namozingni buzib et”, “Otang o`tirgan uyning tomiga chiqma” singari mapqollar ham bejiz aytilmagan.
Muqaddas kitobimiz Qur`oni karimning Niso surasi 36-oyatida “...ota-onalarga esa yaxshilik qilingiz”, deya marhamat qilinadi. Ushbu mazmundagi oyatldar muqaddas kitobimizda juda ko`p. Shundan ham bu amal har bir musulmon zimmasidagi farzlardanbiri ekan, unga amal qilmaslik katta gunoh ekanini anglash mumkin.
Boshqa oyati karimalarda har bir iymon-e`tiqodli kishi ota-onasiga mehr-muabbat so`rashi barobarida, Allohdan ularga shafqat va marhamat tilash lozimligi, ular keksaygan chog`da shirin so`z va muruvvatni ayamaslik, biror marta bo`lsin ularga qarab uf tortmaslik lozimligi ta`kidlangan.
Otaning o`n haqi
Muborak hadisi shariflarda farzandlarning ota-ona oldidagi haqlari, burchlariga alohida e`tibor qaratilgan. Diniy manbalarda keltirilishicha, har bir otaning bolasi ustida o`nta haqi bor ekan. Farzand mana shu o`nta haqni chiroyli ado qilmog`i lozim:
1. Ota-onasiga taom berish.
2. Xizmatlarini qilish.
3. Chaqirganlarida “labbay” deb javob berish.
4. Gunoh bo`lmagan bir ishga buyurganida, itoat etish.
5. Yumshoq ohista gaplashish.
6. Kiyim olib berish.
7. Yurganda orqasidan yurish.
8. O`ziga ravo ko`rgan narsalarni otasiga ham ravo ko`rishi.
9. O`ziga ravo ko`rmagan narsalarni otasiga ham ravo ko`rmasligi.
10. Duo qilganida otasini ham qo`shib Allohdan mag`firat tilashi.
Binobarin, har birimiz ana shu haqlarni mukammal ado etmas ekanmiz, o`zimizni komil iymon egasi deb atashga haqli emasmiz.
Uch yo`l
Afsuski, ana shu haqlarni har kim ham ado ejtolmaydi. Vaqtida farzandlik burchini bajara olmasdan, oxir-oqibatda umrini pushaymonlik bilan o`tkazadiganlar ham uchrab turadi.
Faqihlardan ota-onasi norozi bo`lib o`tgan farzand haqida, “unda ota-onasini rozi qilish imkoni bormi?”, deb so`rashganda “bu faqat uch yo`l bilan bo`ladi” degan ekanlar.
1. Solih bo`lishi darkor.
2. Ota-onasining yaqin qarindoshlari bilan bordi-keldi qilishi zarur.
3. Ularning haqlariga har kun duo-istig`for aytishi lozim".
Ya`ni inson ota-onasining vafotidan so`ng harom ishlardan voz kechib, umrini ezgulikka baxsh etsa, ota-onaning yaqin qarindoshlari bilan aloqalarni uzmasa, har doim ota-onani yaxshilik bilan yod etib, ularning ruhini shod qilib, ular uchun Yaratgandan mag`firat tilab tursa, ota-onaning ruhi bunday farzandlardan rozi bo`ladi, inshoolloh.
Quyidagi hadisi sharif ham ana shu fikrlarni tasdiqlaydi:
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) Payg`ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qiladilar: “Odam bolasi vafot etganida faqatgina uch tarafdan nomai a`moliga savob borib turadi:
1. Sadaqa va ehsonlaridan.
2. Qoldirgan ilmidan.
3. O`zidan keyin uning haqiga duo qiluvchi solih farzandidan”.
Har bir dinda, har bir xalqda...
Ota-ona rizosi Er yuzidagi barcha dinlar va barcha xalqlarda muqaddas burch va qadriyatlardan sanaladi. Faqih Abu Lays Samarqandiy aytadilar: “Alloh taolo Tavrotda, Injilda va Qur`onda, barcha payg`ambarlarga roziligim ota-onaning rizosida, g`azabim ularning g`azabidadir, degan”.
Darhaqiqat, dunyoning buyuk san`at va adabiyot durndonalarida ham ota-ona dahosiga nisbatan beqiyos hurmatni ko`rish mumkin.
Shekspirning “Qirol Lir”, Balzakning “Gorio ota” asarlarini eslang. Buyuk adiblar otaga nisbatan hurmat hech narsa bilan o`lchanmasligini go`zal tarzda ta`kidlashgan. Mopassanning “Sovaj kampir” hikoyasida ona mehri qanchalik qudratli ekani tasvirlanadi.
Buyuk mutafakkir hazrat Navoiy asarlarida ham bu masalaga katta o`rin berilgan. Farhod, Qays singari qahramonlar siymosida oshiqlar timsoli yaralgan bo`lsada, ular hech qachon ota-ona oldidagi vazifalarini unutib qo`ymaganlar.
Binobarin, ota-onaga hurmat ehtirom zamon va makon sarhadlarini tan olmaydi.
Hikoyat
Hazrati Musoning jannatdagi qo`shnisi
Payg`ambarlardan biri Muso (alayhissalom) kunlarning birida duo qilib: “Ey Alloh! Menga jannatda men bilan birga bo`ladigan do`stimni ko`rsat”, deb iltijo qildilar.
Allohdan vahiy kelib: “Falon shaharning falon bozoriga bor. U erda bir qassob bor, u jannatda doim sen bilan birga bo`ladi”, dedi.
Muso (a.s.) borib, o`sha do`konni topdilar, kun botguncha qassobni kuzatdilar. Kun botgach, qassob bir parcha go`shgni savatiga solib do`konidan chiqdi. Muso (alayhissalom) uning oldidan chiqib, uyingda bir kecha mehmon bo`lsam maylimi, dedilar. Qassob rozi bo`ldi va uyiga olib bordi. Qassob haligi go`shtdan mazali sho`rva tayyorladi, so`ngra kaptar bolasi kabi bir zaifa kampirni savatda ko`tarib keldi-da, chiqardi. Taomni kampirning og`ziga solib, qornini to`yg`azdi. Keyin kiyimlarini yuvdi, toza kiyim kiydirib, yana savatga qo`ydi.
Shu lahzalarda Muso (a.s.) kampirning labi qimirlayotganini ko`rib qoldilar va quloq tutdilar.
Kampir pichirlab: “Yo Parvardigor! O`g`limni jannatda Muso bilan birga qil”, deb duo qilardi. Qassob savatni bir qoziqqa ilib qo`ydi. Muso (a.s.): “Nima uchun bunday qilding?” dedilar. Qassob: “Bu ayol onam, qarib kuchlari ketib, hatto o`tira olmaydigan bo`lib qolganlar”, dedi.
Shunda Muso (a.s.): “Ey birodar! Senga xushxabar bor. Men Muso payg`ambarman, sen esa mening jannatdagi qo`shnimsan”, dedilar.
“Kuragimga ursang ham, yuragimga urma”
Rivoyat qilinadki, bir yurtda bir ota va uning o`g`irlikdla gumon qilib qo`lga olishdi. Qozi ularning har biriga qirq darradan urish haqida hukm chiqardi. Jallod shu zahoti qo`liga qamchini oldi va avval otaning elkasiga qirq darra urdi. Otaning elkasi qontalash bo`lib ketsa-da. Holdan toysa-da, “miq” etmay turaverdi.
Endi navbat o`g`liga etdi. Bola hali o`n oltiga ham to`lmagan, nimjongina edi. Jallod bolaning elkasini yalang`ochlab, bir qamchi urgani zahoti ota bor ovozi bilan oh tortib yubordi. Uning faryodi barchani hushyor torttirdi. Qozi unga yuzlanib so`radi:
“Ey, g`ofil banda, o`zingni qirq darra urganimizda ovozing chiqmadi. Nega o`g`lingning elkasiga qamchi tegar tekmas, dod solasan?”
“Hazratim, - dedi ota. – Oldingi qirq darra kuragimga tekkandi. Chidadim. Bunisi esa, yuragimga tegdi, chidolmay dod soldim.
...Ha, otaning mehri, shafqatini ham hech narsa bilan o`lchab bo`lmas ekan...
“Ziyo” studiyasi bilan hamkorlikda tayyorlandi