Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev joriy yilning yanvar oyida Jizzax viloyatiga tashrifi chog`ida viloyatdagi barcha tuman va shaharlar markazlarini Mirzacho`l tumani markazi Gagarin shahri kabi obod va ko`rkam, aholi uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgan hududlarga aylantirish vazifasini qo`ygan edi. Xo`sh, bugungi kunga kelib bu vazifalar qanday bajarilyapti?
Prezidentimizning mazkur tashabbuslari Paxtakor tumani aholisi hayotida ham mutlaqo yangi davrni boshlab berdi, desak hech ham mubolag`a bo`lmaydi.
Jizzax viloyatining Paxtakor tumani 1967 yilda tashkil etilgan bo`lib, hozirgi kunda aholi soni 72 ming 800 nafarni tashkil etadi. Asosiy infratuzilma ob`ektlari barpo etilgan vaqt Jizzax cho`llarini o`zlashtirish jarayoniga to`g`ri keladi. Afsuski, o`zining qadoq qo`llari bilan rizq yaratgan, cho`llarni obod qilishda jonbozlik ko`rsatgan cho`lquvarlar faoliyati, ularning mehnatiyu, yutuqlari haqida maqtov gaplar ko`p gapirilsada, amalda ularning turmush ahvoli o`z holiga tashlab qo`yildi. Salkam yarim asr davomida tumanda sanoat, uy-joy, ijtimoiy ob`ektlarni bunyod etish bilan bog`liq arzirli ishlar bajarilmadi. Natijada uy-joylarni saqlash, yo`llar infratuzilmasi, kommunal, ijtimoiy sohalardagi o`tkir muammolar yuzaga chiqib, aholining haqli e`tirozlariga, davlat idoralariga bo`lgan murojaatlarining oshishiga olib keldi. Tumanda “Obod qishloq”,”Obod mahalla” dasturi hamda «Ilg`or hudud» loyihasining izchil amalga oshirishga kirishilgani mohiyatan ana shunday muammolarni bartaraf etishga qaratilgan.
Xususan, bosh rejaga muvofiq, tuman markazidagi “Do`stlik”, “Dilorom”, “G`alaba”, “Toshkent”, “Samarqand”, “Oltinko`l” va “Suvonobod” mahallalaridagi bir holatga kelib qolgan ko`pqavatli va yakka tartibdagi uy-joylar, bog`cha, maktab, tibbiyot, madaniyat va sport maskanlari, servis, xizmat ko`rsatish, savdo nuqtalari, muhandislik-kommunikasiya tarmoqlarini yaxshilash yuzasidan istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi ishlarni o`z muddatida yakunlash uchun zarur ishchi kuchi va texnikalar jalb qilingan.
Olib borilayotgan keng ko`lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari natijasida tuman markazidagi asosiy ko`cha – Sharof Rashidov nomidagi ko`chaning avvalgi xira manzarasi barham topib, qiyofasi kundan-kunga tanib bo`lmas darajada o`zgarib bormoqda. Yo`l chetidagi beton ariqlar yangilanib, piyodalar yo`lakchalari qurilmoqda, o`rtaga tungi yoritgichlar o`rnatildi, yashil maysazorlar tashkil qilinib, daraxt ko`chatlari va gullar ekilmoqda. Shu ko`chada joylashgan uylar, ijtimoiy soha ob`ektlari, savdo va maishiy xizmat ko`rsatish shoxobchalarining ichki va tashqi qismlari hamda atroflarida ham qurilish-ta`mirlash ishlari bajarilyapti.
Bosh reja asosida yangi qurilayotgan 23 ta, kapital rekonstruksiya va ta`mirlash ishlari bajarilayotgan 49 ta, jami 72 ta ob`ektning salmoqli qismi ham ana shu ko`chada joylashgan. Misol uchun, tuman tibbiyot birlashmasi binosi ham dastur asosida zamonaviy holatga kelitirildi. Ayni paytda qayta ta`mirlangan va zarur jihozlar bilan ta`minlangan maskanda aholi salomatligini muhofaza qilish uchun barcha sharoitlar bor.
Kelajak bog`chadan – boshlanadi. Bu hayot haqiqati. Paxtakordagi o`zgarishlar jarayonida alohida hisobga olingan bo`lib, shu kunlarda 2-sonli maktabgacha ta`lim muassasasida mukammal ta`mirlash ishlari qizg`in pallaga kirgan. Bunyodkorlar tomonidan bog`chaning tom va pol qismlarini yangilash, devorlarning ichki va tashqi qismlarini zamonaviy holatga keltirish bilan bog`liq ishlar bajarilmoqda. 10-sonli bog`cha har tomonlama zamonaviy va ko`rkam ko`rinishga ega bo`lmoqda. Yangi barpo etilayotgan 160 o`rinli nodavlat maktabgacha ta`lim muassasasida devor ko`tarib tom yopish, to`siqlarni o`rnatish ishlari yakunlanib, bino fasadi va ichki qismlarida ta`mirlash ishlari davom etmoqda. Ana shunday ishlar 2-, 4-, 31-sonli maktablarda ham bajarilmoqda.
“Obod markaz” loyihasi asosida Paxtakorda o`nlab yangisavdo, servis va maishiy xizmat ko`rsatish maskanlari, mehmonxona qad ko`taradi, mavjudlari esa bugungi davr talablari bo`yicha ta`mirdan chiqarilyapti. Bu, o`z-o`zidan odamlarga yangi qulayliklar, yangi ish o`rinlari yaratilishi, iqtisodiy salohiyatni mustahkamlashda yangi imkoniyatlar yuzaga chiqishini anglatadi.
Hududda uzoq yillardan beri og`riqli masala bo`lib kelayotgan kanalizasiya, ichimlik suvi, elektr energiyasi, tabiiy gaz tarmoqlarini ta`mirlash hamda yangilarini barpo etish ishlari jadal olib borilyapti. Tabiiyki, bu jihat sohalardagi o`tkir muammolarni echishda kompleks yondashuvni talab etiladi. Nega deganda, Prezident Xalq qabulxonalariga tuman aholisidan kelib tushayotgan murojaatlarning kattagina qismi aynan mazkur sohalarga doir ariza va shikoyatlardan iborat. Ayni paytda murojaatlar tahlili uy-joy ta`minoti va uy-joy fondining holati ham fuqarolarimizni eng ko`p o`ylantirayotgan masalalar ekanini ko`rsatmoqda.
Birgina keyingi ikki yilda tuman markazida yangilangan namunaviy loyihalar asosida 480 xonadonga mo`ljallangan 10 ta ko`pqavatli hamda 60 ta uch xonadan iborat ikki sotixli arzonlashtirilgan namunali uylar barpo etilgani odamlarning, ayniqsa, shu paytgacha uy-joyga ega bo`lolmagan kam ta`minlangan aholi qatlam vakillari, nogironligi bo`lgan yurtdoshlarimizning uy joyga bo`lgan talabini qondirishda muhim amaliy ahamiyatga ega bo`ldi. Bu yo`nalishdagi ishlar mazkur yilda ham davom ettirilib, joriy yilda Paxtakorda 2 ta 96 xonadonga mo`ljallangan to`rt qavatli turar-joy qurilmoqda.
Aslida aholining uy-joyga ehtiyoji, joylarda eskirib, shu paytgacha ta`mir ko`rmagan uylarning hamon e`tiborsiz qoldirilayotgani ortidan aholining bu boradagi e`tiroz va muammolari oshgani natijasida yuzga kelgani ham haqiqat. 2017-2018 yillarda tuman markazidagi abgor ahvolga kelib qolgan 185 ta ko`pqavatli uyning 14 tasida mukammal ta`mirlash ishlari bajarilgan bo`lsa, joriy yilning shu davriga qadar 12 ta ko`pqavatli uyning tom qismi, 5 tasining fasad qismi mukammal ta`mirlandi. Albatta, mazkur yo`nalishdagi ishlar izchil davom ettirilib, bunday uylar va ularning atrofi zamonaviy qiyofaga kiradi.
Tuman markazidagi mahallalarda 1960-1966 yillar davomida qurilgan 88 ta barak tipidagi uylarda 900 dan ziyod oila, 3 ming 600 dan ortiq aholi oddiy maishiy sharoitlardan ham mosuvo holda kun kechirib kelayotgan edi. Nomiga boshpana vazifasini o`tab turgan bunday uylar har qanday qoidaga solib ko`rilsa ham hayot xavfsizligi talablariga mutlaqo javob bermaydi.
Mana shunday o`ta og`ir sharoitda yashovchi ko`p sonli fuqarolarning talab va istaklarini inobatga olgan holda bunday uylarda yashovchi oilalar uchun “Oltinko`l” maxalla fuqarolar yig`ini hududidan 19 gektar, “Olmazor” qishloq fuqarolar yig`ini hududidan 4,2 gektar er maydonlari ajratib berishga qaror qilindi. Mazkur yangi massivlarda 610 ta uy barpo etilishi ko`zda tutilmoqda.
“Oltinko`l” mahalla fuqarolar yig`inining yangi massiv paydo bo`ladigan ulkan maydoniga qoziq qoqilib, katta hashar tashkil etildi. Poydevor o`rni belgilanib, tuproq ishlariga kirishildi. Tadbir davomida fuqarolarga bu erda barpo etiladigan uylar, ijtimoiy soha ob`ektlari, inson hayoti uchun zarur bo`lgan sharoitlarni yaratish bo`yicha qilinadigan ishlar haqida atroflicha ma`lumot berildi. Barak uylarda yashab kelayotgan fuqarolar uylar qurilishi jarayonida bevosita ishtirok etish, shu bois qurilish maydoniga yaqin joydan vaqtincha yashash uchun sharoit yaratib berish yuzasidan o`z istak va takliflarini bildirishdi.
Xalqimizda qimirlagan qir oshar oshar, degan naql bor. Bugun haqiqtda mehnatning mashaqqatidan qochmay, maqsadni to`g`ri qo`yganlar katta natijalarni qo`lga kiritmoqda. Aniq raqamlarga o`tamiz: tumanda 2018–2019 yillar davomida sanoat, qishloq xo`jaligi va xizmat ko`rsatish sohasida umumiy qiymati 260,5 mlrd. so`m bo`lgan 66 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida 1 133 ta yangi ish o`rinlari yaratilishi belgilangan.
Masalan, Beruniy ko`chasida 5,95 gektar er maydonda barpo qilingan “Paxtakor tekst” MChJ ham ana shunday zamonaviy korxonalar jumlasidan. Ip-kalava mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona yiliga
9 ming tonna toladan qiymati 11 mlrd. 250 mln. so`mlik 8,1 ming tonna ip-kalava mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Umumiy qiymati22 mln. 300 ming AQSh dollarini tashkil etadigan loyiha agar to`la quvvat bilan ishlasa, 400 nafar yangi ish o`rni barpo bo`ladi, mahsulotning salmoqli qismi esa asosan Xitoy, so`ngra esa Rossiya, Turkiya va Belgiya davlatlariga eksportga yo`nattiriladi.
Odamlarni hayotdan rozi qilish kelajagimiz yanada go`zal, salohiyatli bo`lishini ta`minlaydi. Qachonki, odamlar baxtli yashasa, ular dunyoni yangilashga, o`zgartirishga qodir bo`ladi.