“Tayga” so`zining kelib chiqishi turkiy tillarga borib taqaladi. Oltoyliklar tilida u “tog`lar”, “olmaxon” ma`nolarini anglatadi. Yoqutlar tilida “o`rmon” va “uzoq masofa”, mo`g`ul tilida esa “tog`lar zanjiri”, “tog` o`rmoni” ma`nosiga ega. Boshqa turkiy tillarda ham u “tov” – “tog`” so`zi bilan bog`liq mazmunni bildiradi.
Mutaxassislar shimoliy yarimshardagi ignabargli o`rmonlar hududiga “tayga” nomini bergan. Bu hududning umumiy maydoni 9 million kvadrat kilometrga yaqin. Asosan archa, oqqarag`ay, tilog`och va qarag`ay kabi ignabargli daraxtlar o`sadigan ushbu o`rmon mintaqasi Evropa, Osiyo va Shimoliy Amerikaning shimoliy qismlarini egallagan.
Tayga mo``tadil namchil hududda joylashgan. Bu erlarda ignabarg o`rmonlardan tashqari, botqoqliklar ham bor. Ular Kanada va Sibirdagi o`rmonlarda ko`p.
Rossiyaning eng katta landshaft hududi taygadir. Evropada esa Skandinaviya yarimoroli va Finlyandiya asosan shunday o`rmonlar bilan qoplangan.
O`rmonlar eriga nur kam tushgani sababli bu erda butalar va changalzorlar yaxshi shakllanmagan. Evropa shimolidagi taygalarda archa, Kanada va Alyaskada esa tilog`och aralash archa o`rmonlari, Ural taygalarida qayin ko`p o`sadi. Sibir va Uzoq Sharq o`rmonlarida bo`lsa, turli butalar va tilog`ochlar siyrak erlashgan.
Tayganing hayvonot olami boy va xilma-xil. Silovsin, quyon, bug`u, burunduq, suvsar va olmaxon ko`p tarqalgan. Qushlardan kalqur, bulduruq, qarag`ayqarg`a ko`p uchraydi. Taygada hayvonlar yashashi uchun sharoit tundraga nisbatan yaxshiroq. Shu sababli o`troq jonzotlar ko`p. Dunyodagi mo`ynali hayvonlarning asosiy qismi taygada.
Evroosiyo taygalarini sayyoramizning “yashil o`pka”si deyishadi. Chunki atmosferaning pastki qatlamidagi kislorod va uglerod muvozanati aynan shu o`rmonlarga bog`liq. Atrof-muhitni himoyalash va ilmiy tadqiqotlar olib borish maqsadida Shimoliy Amerika va Evroosiyo taygalarida bir qator qo`riqxonalar tashkil etilgan.
Taygalar yog`och sanoatining xomashyo manbaidir. Bu erda ko`mir, neft, gaz kabi foydali qazilmalar topilgan va qazib olinyapti.
Mintaqa aholisi asosan mo`ynali hayvonlarni ovlash, dorivor giyohlar, yovvoyi yong`oq, ho`l meva va qo`ziqorinlarni yig`ish, baliqchilik, yog`och tayyorlash va chorvachilik bilan shug`ullanadi.
Bu erda aholi unchalik zich emas. Turli elatlarga mansub taygaliklar asrlar osha o`z hayot tarzlarini o`zgartirmay kelyapti.Ular garchi ko`chmanchi bo`lsa-da, butun yilni taygada o`tkazadi, shu erda qishlaydi. Boshqa ko`chmanchilar kabi taygaliklar ham hayvon terilaridan tayyorlangan chodirlar va ko`chma uylarda yashaydi. Bu chodirlar ichiga o`choq quriladi va o`t yoqib isitiladi.
Bir-bir yarim oy davom etadigan yoz faslidagina erdan qor ketadi. Bu paytda odamlar qish g`amini eyish bilan ovora bo`ladi. Mevalar teriladi, ov qilinadi. Bundan tashqari, ularga vertolyotlarda boshqa oziq-ovqatlar ham keltiriladi. Xullas, qishga zaxira to`planadi.
Taygada o`troq aholi ham bor. Ular yog`och uyli qishloqlarda yashaydi. Bunday maskanlarda taygaliklarning farzandlari o`qiydigan maktab-internatlar, tibbiy muassasalar ham bor.
Aholi iqlim injiqliklariga qaramay, tomorqalarida turli sabzavotlar ham etishtiradi. Biroq asosiy mahsulotlar “hayot qaynagan” hududlardan keltiriladi. O`troq aholi asosan hunarmandchilik bilan shug`ullanadi. Ammo so`nggi vaqtlarda shaharga ko`chib ketish hollari ko`paygan. Chunki shaharlarda ish topish oson va oliy ta`lim olish mumkin.
Geologlar, neft`-gaz sohasi mutaxassislari va ovchilar esa, ishlash uchun taygaga keladi. Maxsus shaharchalar va turar joy maskanlarida yashaydigan bu kishilarga oziq-ovqat vertolyotlarda tashib keltiriladi.
Taygaliklarning hayot tarzi haqida o`qigan yoki eshitgan kishi: “Shunday sharoitda ham yashab bo`ladimi?” degan o`yga borishi mumkin. Ammo ular kengchilikda, tabiat bilan uyg`un shaklda kun kechiradilar. Shu bois sershovqin shahar-qishloqlarda eng so`nggi texnika va axborot vositalari ichida yashayotgan kishilardan ko`ra baxtiyorroq bo`lsalar, ne ajab!
“Hidoyat” jurnalining 2014 yil 9-sonida chop etilgan.