Xalqaro elektr aloqasi ittifoqi 24 noyabr kuni an`anaviy «Axborot jamoatchiligini o`lchash» (Measuring the Information Society Report) hisobotini taqdim etdi, deb yozadi «Gazeta.uz». AKT (axborot-kommunikasiya texnologiyalari) taraqqiyoti indeksi (ICT Development Index, IDI)uning muhim qismidir.
2013 yil yakunlariga ko`ra, IDI bo`yicha birinchi o`rinni Daniya egalladi. Koreya Respublikasi undan keyingi pog`onada joylashdi.
O`zbekiston AKT taraqqiyoti indeksida 3,40 ko`rsatkich (eng yuqori ko`rsatkich — 10) bilan 115-o`rinni band etdi. 2012 yilda esa ushbu ko`rsatkich 3,27 ga teng bo`lib, 116-o`ringa munosib ko`rilgan edi.
AKT taraqqiyot indeksi 166 davlatni o`z ichiga oladi va AKTdan foydalanish imkoniyati, ular bilan ishlash malakalari darajasi kabi ko`rsatkichlar bo`yicha tuziladi.
Evropa AKT taraqqiyot indeksida 7,14 ball bilan etakchilik qilmoqda. Undan keyingi o`rinlarni esa MDH (5,33), Shimoliy va Janubiy Amerika (4,86), Osiyo-Tinch okeani mintaqasi (4,57), Arab davlatlari (4,55) va Afrika (2,31) band qildi.





