AsosiyJamiyat

Uchtepa tumanida uchinchi tashabbus doirasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bo`lib o`tdi

'Uchtepa tumanida uchinchi tashabbus doirasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bo`lib o`tdi'ning rasmi

Davlatimiz rahbari ijtimoiy, ma`naviy-ma`rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo`lga qo`yish maqsadida yoshlarga e`tiborni kuchaytirish, ularni madaniyat, san`at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko`nikmalarini shakllantirish, yoshlar o`rtasida kitobxonlikni targ`ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish bo`yicha 5 ta muhim tashabbusni ilgari surgan edi.

Yoshlarning ertangi istiqboli, ma`naviyatimiz rivoji uchun xizmat qiluvchi ezgu tashabbuslarning amaliyotga tatbiqi Toshkent shahri Uchtepa tumanida ham boshlandi. Bu haqda axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

18 may kuni “Ma`naviyat karvoni” loyihasi doirasida mazkur tumanda Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi zimmasidagi uchinchi tashabbus – “Aholi va yoshlar oʻrtasida kompyuter texnologiyalari va Internetdan samarali foydalanish” borasida amalga oshirilayotgan ishlarning taqdimoti katta tantanaga aylanib ketdi.

Tadbirlar davomida “Yoshlarda texnik bilimlar saviyasini yuksaltirish”ga bag`ishlangan tadbir, “Toshkent shahridagi Inha universiteti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti hamda “Uzbektelecom” Aksiyadorlik kompaniyasi ko`rgazmali stendlarining taqdimoti tashkil etildi. Ushbu tadbirlarda yoshlar, maktab o`quvchilari hamda tuman aholisi katta qiziqish bilan ishtirok etdi.

Ayniqsa, kibersport bo`yicha amaliy mashg`ulotlar, o`yinlar tahlilidan tortib, kommunikasiya strategiyasini ishlab chiqishgacha bo`lgan jarayonlar, aqliy rivojlanishning ta`sirchan vositasi sanaluvchi robototexnika, mobil ilovalar ishlanmalari bilan shug`ullanish bo`yicha amaliy mashg`ulotlar hamda sun`iy idrok (intellekt) loyiha taqdimoti yosh avlod vakillarini juda quvontirib yubordi.



Tumanda tashkil etilgan tadbirlar doirasida ta`lim muassasalari axborot-resurs markazlariga zamonaviy kompyuter jihozlari topshirildi. Shuningdek, Uchtepa tumanida Raqamli texnologiyalar markazining ochilish marosimi bo`lib o`tdi. “Yoshlarda texnik bilimlar saviyasini yuksaltirish”ga bag`ishlangan tadbir nihoyasida eng iqtidorli yoshlar sertifikatlar bilan taqdirlandilar.

    Boshqa yangiliklar