Avval xabar berganimizdek, Toshkent Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti bitiruvchilarining V xalqaro forumiga mezbonlik qilmoqda.
Ushbu nufuzli tadbirda 32 mamlakatning hukumat, parlament a`zolari, siyosatchilar, diplomatlar, yirik xorijiy kompaniyalar rahbarlari va MDXMI vakillari qatnashmoqda. So`nggi ma`lumotlarga ko`ra, ana shunday ishtirokchilar soni 450 dan ziyodni tashkil etmoqda. Ularni Rossiyadagi eng nufuzli oliy ta`lim muassasasi - MDXMIda kechgan talabalik yillari birlashtirib turadi.
Ayni vaqtda poytaxtimizda Simpoziumlar saroyida forumning ochilish marosimi boshlandi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev, Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinning forum ishtirokchilariga yo`llagan tabrigi o`qib eshittirildi.

Ma`lumot o`rnida, bugun forumning siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot va madaniyat sohalariga bag`ishlangan sessiyalarda Mo`g`uliston tashqi ishlar vaziri D.Sogbaatar, Slovakiya tashqi ishlar vaziri M.Laychak, Kambodja ta`lim vaziri N.Xan Chuon, “Rosobrnadzor“ rahbari S.Kravsov va Evroosiyo banki direktorlar kengashi, MDXMI Vasiylik kengashi a`zosi, “Eurasian Resurces Group” kompaniyasi asoschilaridan biri Fattoh Shodiev chiqish qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, forum doirasida mehmonlar va O`zbekiston ishbilarmon doira vakillari o`rtasida uchrashuv bo`lib o`tadi. Xorijiy ekspertlar ishtirokidagi muloqotlarda ta`lim, madaniyat, investisiya sohalarida halqaro hamkorlik, Markaziy Osiyoda xavfsizlik masalalari yuzasidan fikr almashish ko`zda tutilgan.
Forum kun tartibiga MDXMIning yangi taraqqiyot strategiyasi muhokamasi qo`yilgan. Shu bilan birga institutning Toshkent filiali dasturlarining taqdimotlari ham o`tkaziladi.
Eslatib o`tamiz, Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti bitiruvchilarining I xalqaro forumi 2003 yilda Boku shahrida o`tkazilib, unda mazkur ta`lim muassasasining 25 davlatdan kelgan 400 ga yaqin bitiruvchilari ishtirok etgan bo`lgan. Moskva, Erevan, Nur-Sulton shaharlari ham ushbu nufuzli tadbirga mezbonlik qilgan.
Forum ochilish marosimida O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirok etmoqda.








