1

Ichki ishlar vazirining o`rinbosarlari ishtirokida sayyor qabullar o`tkazilmoqda

Jamiyat 19.05.2019, 15:45
Ichki ishlar vazirining o`rinbosarlari ishtirokida sayyor qabullar o`tkazilmoqda

Respublikamiz aholisining qonuniy manfaatlari va huquqlari ustuvorligini ta`minlash, ularda mavjud muammo va kamchiliklarni o`rganib, ularni bartaraf etish maqsadida joriy yilning may oyi boshidan buyon O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o`rinbosarlari ishtirokida joylarda sayyor qabullar tashkillashtirilmoqda.

Jumladan, 2019 yilning 7-11 may kunlari O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi o`rinbosari, general-mayor Davron Nazarmuxamedov ishtirokida Toshkent viloyatining Zangiota va Bo`stonliq tumanlarida fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolarni o`rganish maqsadida ommaviy sayyor qabullar o`tkazildi. Qabulda 33 nafar fuqarolarning murojaatlari tinglanib, ulardan 9 tasiga shu joyning o`zida ijobiy echim topildi. Ijrosi muddat talab etadigan 21 ta murojaat esa nazoratga olinib, 3 ta murojaat egalariga esa huquqiy maslahatlar berildi.

10-11 may kunlari esa Ichki ishlar vazirining o`rinbosari, polkovnik Shavkat Mavlyanov Andijon viloyatining Izboskan va Marhamat tumanlarida sayyor qabullar o`tkazib,unda virtual va xalq qabulxonalariga murojaat qilgan hamda OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali mazkur sayyor qabullar haqida xabar topgan 54 nafar fuqarolar bilan bevosita ochiq muloqot qildi. Qabul jarayonida muammolarning 25 tasi joyida ijobiy hal etildi. Qo`shimcha o`rganish talab etiladigan 9 ta murojaatlarni ko`rib chiqilishi nazoratga olindi. 1 tasi bo`yicha asoslantirilgan huquqiy maslahat va 19 tasiga tegishli davlat va nodavlat tashkilotlariga murojaat qilishi bo`yicha tushuntirishlar berildi. Bundan tashqari, sayyor qabullar davomida vaqtincha ishsiz bo`lgan fuqarolarni ish bilan ta`minlash maqsadida mehnat yarmarkasi ham tashkil etildi. Natijada 2 nafar fuqaro ishga joylashib, 1 nafar fuqaroga ishsizlik nafaqasi tayinlandi. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanish maqsadida banklardan imtiyozli kreditlar ajratilishini so`rab murojaat qilgan 2 nafar fuqaroga kredit ajratish yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirildi.

Shuningdek, 14 may kuni Ichki ishlar vazirining o`rinbosari, polkovnik Muhiddin Jo`raev Sirdaryo viloyatining Xovos tumani aholisi bilan uchrashdi. Ochiq muloqotlarga asoslangan sayyor qabulda viloyatning barcha shahar va tumanlaridan kelgan 260 nafar fuqaroning murojaati tinglandi. Qabul davomida kelib tushgan murojaatlardan 116 tasi joyida ijobiy hal etildi. Yana 59 nafar fuqarolarga huquqiy tushuntirishlar berilib, boquvchisini yo`qotgan, kam ta`minlangan va nogironligi bo`lgan oilalarning 30 nafariga nogironlik aravachasi, 3 nafariga eshitish moslamasi va yana bir nechta fuqaroga maishiy texnika vositalari hamda oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.

14-15 may kunlari esa Ichki ishlar vazirining o`rinbosari, polkovnik Akramxon Boboxonov Surxondaryo viloyatining Muzrabot va Sho`rchi tumanlarining aholisi bilan uchrashdi. Sayyor qabullar jarayonida 234 nafar fuqarolarning murojaatlari tinglanib, ulardan 13 tasiga shu joyning o`zida, tezkorlik bilan echim topildi. Qo`shimcha o`rganishi talab etiladigan 20 ta murojaatlarni ko`rib chiqilishi nazoratga olindi, 105 tasi bo`yicha asoslantirilgan huquqiy maslahat berildi va 96 tasiga tegishliligi bo`yicha boshqa organlarga murojaat qilishi tushuntirildi. Qabul jarayonida 4 nafar fuqaro nogironlik aravachasi, 1 nafar fuqaro eshitish uskunasi bilan qanoatlantirildi. Shu bilan birga, yana 4 nafar fuqarolarga moddiy yordam ajratildi.

Navoiy viloyatining Konimex va Xatirchi tumanlarida ham sayyor qabullar tashkil etildi. 15-16 may kunlari bo`lib o`tgan sayyor qabulda Ichki ishlar vazirining o`rinbosari, polkovnik Rustam Xatamov Navoiy shahri, Karmana, Qiziltepa, Navbahor, Xatirchi va Nurota tumanlaridan kelgan 70 nafar fuqarolar murojatlarini tingladi. Unda tibbiy xizmat, yo`l qurilishi, suv masalasi, bandlik hamda ichki ishlar tizimiga bog`liq bir qator muammolar bilan murojaat qilindi. Ushbu murojaatlardan 21 tasi joyida ijobiy hal etilib, 1 nafar murojaat muallifiga og`zaki tushuntirish berildi. Qo`shimcha o`rganish uchun 48 ta murojaat ijroga qaratildi. Konimex tumanidagi qabul jarayonida ro`yxatga olingan 6 nafar fuqaroga nogironlik aravachasi, 4 nafar imkoniyati cheklanganlar maxsus qo`ltayoq, 2 nafariga fuqaroga eshitish moslamasi taqdim etildi. Shuningdek, 50 nafar murojaatchining tibbiy xizmat, ishsizlik, nafaqa olish, ishni qayta tiklash masalalariga o`z joyida ijobiy echim topildi. Xatirchi tumanidagi sayyor qabulda ham yana10 nafar imkoniyati cheklangan fuqarolarga nogironlik aravachalari, qiymati 4 million so`mlik dori-darmon hamda oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.

Joylarda o`tkazilayotgan bu kabi sayyor qabullar xalqning ertangi kunga, ularning tinchligi va osoyishtaligini ta`minlash yo`lida tunu-kun xizmat qilayotgan ichki ishlar organlari faoliyatiga ishonchini yanada oshirmoqda.

Bunday sayyor qabullar respublikamizni boshqa hududlarda ham o`tkazilishi rejalashtirilgan.


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1