AsosiyJamiyat

«KÜNIB» yarmarkasi hamda Turkiyaning 71 universitetidan birida o`qish imkoniyati

'«KÜNIB» yarmarkasi hamda Turkiyaning 71 universitetidan birida o`qish imkoniyati'ning rasmi

18-19 may kunlari Toshkentdagi «Radisson Blu Hotel» mehmonxonasida «KÜNİB» (Kavkaz universitetlar birligi) tomonidan Turkiyaning peshqadam universitetlari ishtirokida O`zbekistondagi oliy o`quv yurti rahbarlari, professor-o`qituvchilar va talabalar uchun ta`lim yarmarkasi o`tkazildi.

Yarmarkada Turkiyaning 30 universitetidan rahbar va mutaxassislar ta`lim sohasida to`plagan tajribalarini ikki kun davomida o`zbek mutaxassislari bilan bo`lishishdi.

Shuningdek, bugun, 20 may kuni «Tashkent International Hotel» mehmonxonasida «KÜNİB» tomonidan «YÖS» (xorijiy talabalarni tanlash) imtihoni ham o`tkazilmoqda. «KÜNİB YÖS» imtihonlaridan o`tgan talabalar esa Turkiyadagi 71 universitetdan birida o`qish imkoniyatiga ega bo`ladi. Ma`lumot uchun, Kavkaz universitetlar birligi (KÜNİB) 14 davlatning 162 universiteti ishtirokida tashkil etilgan xalqaro ta`lim tashkiloti hisoblanadi.

Bundan tashqari, tadbirlar davomida Turkiya hamda O`zbekistondagi ta`lim muassasalari o`rtasida to`g`ridan-to`g`ri o`zaro hamkorlik shartnomalari ham imzolandi.

Jumladan, O`zbekiston Davlat jahon tillari universiteti «KÜNİB» Kavkaz universitetlar birligi a`zo bo`ldi. Ikki tomonlama hamkorlik kelishuviga O`zDJTU rektori G`anisher Rahimov va Kavkaz universitetlari birligi raisi Ramazan Ko`rkmaz imzo chekishdi.

18 may kuni «KÜNİB» raisi Ramazon Ko`rkmaz hamda Turkiyaning peshqadam universitetlari rektorlari O`zDJTUga tashrif buyurishdi. Mehmonlar universitet qoshidagi AQShning Vebster universiteti faoliyati bilan hamda Respublika chet tillarini o`qitishning innovasion uslublarini yaratish va tadbiq qilish ilmiy-amaliy markazi faoliyati bilan ham tanishishdi. Tadbir yakunida O`zbekiston Davlat jahon tillari universiteti «KÜNİB» Kavkaz universitetlar birligi a`zo bo`ldi hamda bir qator OTMlar rektorlari bilan ikki tomonlama diplomatik kelishuvlar imzolandi.

Dilfuza SOBIROVA

    Boshqa yangiliklar