AsosiyJamiyat

Isroil qishloq xo`jaligi mo``jizasiga qanday erishgan?

'Isroil qishloq xo`jaligi mo``jizasiga qanday erishgan?'ning rasmi

O`zbekiston-Isroil agroforumidan lavhalar

Isroilning qishloq xo`jaligi , buagronomlarning uzluksiz tajribasi va innovasiyalar natijasida yaratilgan mo``jiza deb baholanadi. Isroillik agronomlar mehnati natijasida danaksiz tarvuzlar va cherri pomidorlari, qizil limonlar, mitti qovoqlar dunyo yuzini ko`rgan hamda oshpazlarning sevimli mahsulotiga aylangan.

Bundan tashqari chorvachilik ham Isroilda juda yaxshi yo`lga qo`yilgan. Iqlimi issiq bo`lishiga qaramay, Isroildagi sigirlar golland sigirlaridan kam sut bermaydi. Qizig`i, Isroil aholisining bor-yo`g`i 1 foizi qishloq xo`jaligida band. Lekin yuqori texnologiyalarni qo`llash natijasidameva-sabzavot va gul eksporti yiliga 1,3 milliard dollarni tashkil etadi.

29 may kuni Qishloq xo`jaligi vazirligi, Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi va O`zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan xamkorlikda bo`lib o`tgan “O`zbekiston-Isroil” agro-biznes-forumida isroillik kompaniyalar O`zbekistonda qishloq xo`jaligini rivojlantirish uchun o`z tajribalarini, innovasiyalarini hamda texnologiyalarini taklif etishdi.

Forum doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari o`rtasida «V2V» formatidagi uchrashuv ham bo`lib o`tdi.

Delegasiya tarkibidan qishloq xo`jaligi, xususan, meva-sabzovotlarni etishtirish va qayta ishlash, innovasion sug`orish tizimlari, o`simliklarni etishtirish, issiqxonalar qurish, sovutish uskunalari, yirik chorva qoramollarni etishtirish, bog`dorchilik, mevali daraxtlarni etishtirish, zamonaviy issiqxonalar uchun quyoshdan himoyalovchi vositalar, parrandachilik va boshqa sohalarda faoliyat yurituvchi etakchi 19 ta kompaniya vakillari o`rin olgan.

Uchrashuv davomida Isroil delegasiyasi vakillari O`zbekistonda investision muhitni yanada yaxshilash, iqtisodiyotni liberallashtirish, tadbirkorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar.

Forumda Isroil davlatining Favqulodda va Muxtor elchisi Eduard Shapira so`zga chiqib Isroilning etakchi kompaniyalari vakillari O`zbekistonga tashrifi doirasida mamlakatning qishloq xo`jalik bozori bilan yaqindan tanishib, ikki davlat agrariyasi o`rtasida to`g`ridan-to`g`ri aloqalarni o`rnatishni maqsad qilishganini ta`kidladi.

Ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari ishtirokidagi «V2V» uchrashuvida O`zbekiston va Isroil o`rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollari, jumladan, ikki mamlakat korxonalarining hamkorlik aloqalarini yanada jadallashtirish bo`yicha o`zaro fikr almashildi. Unda mamlakatimizda faoliyat yurituvchi 50 dan ortiq tadbirkorlik sub`ektlari ishtirok etdi.

Forum ishtirokchisi, Aqva Word kompaniyasi vakili Viktor Baron o`z tashkiloti haqida quyidagilarni so`zlab berdi:

–Biz eng toza suvni sayyoraning istalgan nuqtasidan topa olamiz. Bunga ilmiy tadqiqotlarimiz va maxsus ishlab chiqilgan soft va aparatlarimiz vositasida erishamiz. Bu bizning nou-xau bo`lib, suv topilishini 100 foiz kafolatlaydi.

Biz topadigan artezan suvi er osti suvlaridan farqli ravishda ob-havo o`zgarishlariga bog`liq bo`lmaydi. Bu usul ko`pi bilan ikki kun ichida er osti manbasini topishda yordam beradi. Manba ko`p yillar davomida bir xil hajmda suv etkazib berib turishi tajribamizda sinalgan.

Mamlakatimizda Isroil kapitali ishtirokida 37 korxona mavjud. Shundan 7 tasi 100 foiz Isroil kapitali asosida faoliyat yuritib kelmoqda.

Korxonalarning asosiy faoliyat yo`nalishlari: turizm, ulgurji savdo, oziq-ovqat mahsulotlari, plastmassa qadoqlash, sovutgich va shamollatish uskunalari, gigiena vositalari, zargarlik buyumlari, teri ishlovi, marketing tadqiqotlari, moliyaviy va boshqaruv masalalari bo`yicha maslahat xizmatlari.

O`zbekiston va Isroil davlatlari o`rtasida o`tkazilgan forum doirasida ko`pgina ishbilarmonlar o`zaro kelishuvlarga erishishdi, tajriba alashishdi, o`z sohasining ilog`orlari bilan tanishishdi. Buning samarasi qishloq xo`jaligining yanada rivojlanishi orqali namoyon bo`ladi, deya umid qilamiz.

Dilfuza SOBIROVA

    Boshqa yangiliklar