1

Prezident maktablariga 8 kunda 8 ming nafardan ortiq o`quvchi hujjati topshirildi

Jamiyat 09.06.2019, 16:30
Prezident maktablariga 8 kunda 8 ming nafardan ortiq o`quvchi hujjati topshirildi

8 iyun soat 15:15 ga qadar Prezident maktablariga 8,3 mingdan ziyod nomzod hujjat topshirgan bo`lsa, ulardan 2,4 mingdan ziyodi pm.xtv.uz saytida yaratilgan qulayliklardan foydalangan holda hujjatlarini onlayn topshirdi.

Prezident maktablariga hujjatlarni qabul qilish jarayoni 1 iyunda boshlangan bo`lib, 22 iyunga qadar davom etadi. Joriy yilda Toshkent, Namangan, Nukus va Xivadagi Prezident maktablarida hujjatlar qabul qilinmoqda. Hujjatlarni ikki xil usulda topshirish mumkin: onlayn va offlayn. Hujjatlar onlayn usulda Prezident maktablarining rasmiy sayti orqali qabul qilinmoqda. Internetdan foydalanish imkoniyati yo`q ota-onalar hujjatlarni offlayn usulda topshirishlari yo`lga qo`yilgan. Buning uchun Toshkent, Namangan, Nukus va Xivadagi qabul markazlariga borishlari kerak.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 fevralda qabul qilingan “Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga muvofiq, Prezident maktablariga qabul qilish respublika umumta`lim muassasalarining 4-sinf bitiruvchilari orasidan O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda o`tkaziladigan mantiqiy fikrlash testlari, yozma imtihon va suhbatlar natijalariga ko`ra amalga oshirilishi belgilangan.

Prezident maktabining yillik qabul kvotasi 24 nafar o`quvchidan iborat bo`lib, ikkita sinfga bir xil – 12 nafardan o`quvchi taqsimlanadi. Birinchi o`quv yilida Prezident maktablarining har biriga 5-10-sinflarga 144 nafardan o`quvchi o`qishga qabul qilinadi.

Joriy yilda Namangan, Nukus, Xiva va Toshkentdagi Prezident maktablariga o`quvchilar 5-10-sinflariga, kelgusi yillardan boshlab esa 5-sinfga qabul qilinadi.

Hujjatlarni topshirish faqat ariza beruvchining tahsil olayotgan hududi bo`yicha amalga oshiriladi. Arizachi o`qiyotgan maktabning hududiy joylashuvi Prezident maktabi ochilayotgan hududga mos kelishi kerak. Boshqa viloyatlar maktablarida tahsil olayotgan o`quvchilar 2020-2021 yillarda respublikamizning boshqa viloyatlarida tashkil etiladigan Prezident maktablariga hujjat topshirishi mumkin.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1