AsosiyJamiyat

Kutilmagan uchrashuv. Dadasini sog`ingan bolajonlar poligon bo`ylab sayohat qilishdi

'Kutilmagan uchrashuv. Dadasini sog`ingan bolajonlar poligon bo`ylab sayohat qilishdi'ning rasmi

Bugun, 20 iyun kuni Shimoli-g`arbiy harbiy okrugi qo`shinlari qo`mondonligi tomonidan Nukus garnizonidagi poligonda bir necha kundan beri amaliy mashg`ulotlarda ishtirok etayotgan harbiy xizmatchilarni farzandlari uchun dala o`quv maydoniga sayohat uyushtirildi.

Ertalabdan harbiy shaharchada kelib turgan avtobus birpasda bolajonlar bilan to`ldi. Hammasining niyati bitta – harbiy mashqlarda toblanayotgan dadalarini tezroq ko`rish edi.

Tongning mayin shabadasi ham issiqqa bardosh bera olmay turgan poligonda mashg`ulotlar qizg`in kechardi. Tunggi otish mashqlarini kunduzgi amaliyotlar egalladi. O`quv nuqtalarida mashg`ulot rahbarlari boshchiligida askarlarning amaliy ko`nikmalari oshirilar, o`q otish maydonlarida esa sinovdan o`tardi.

Bolajonlarning amaliy otish mashqlarini kuzatishlari uchun tortilgan chodirlar quyosh taftidan himoyalab turdi. Qurol va o`q dorilar bilan tanishuv, ommaviy qirg`in qurollaridan himoya vositalari va boshqa harbiy anjom-aslahalar haqidagi ma`lumotlar qiziqarli va mazmunli bo`ldi. O`q ovozini eshitgan bolakalaylarning hayrati o`zgacha kechdi.

Nihoyat kutilgan onlar keldi. Mashg`ulotlar o`rtasidagi tanaffus kutilmagan uchrashuvga sabab bo`ldi. Bolajonlar yurt himoyasida shay turgan dadalarini yuzlarida quvonch bilan kutib olishdi.

  • Dala o`quv mashg`ulotlariga olib boraman, deb qizlarimga va`da berardim. Ammo uddasidan chiqa olmasdim. Bugun men va ular uchun o`zgacha kun bo`ldi. Poligonda bolajonlarimni ko`rib ko`zlarimga ishonmadim. Haqiqatan ham kutilmagan uchrashuv bo`ldi, – deydi mayor Davron Saidov.

Uchrashuv so`ngida bolajonlarni uylariga qaytarish juda qiyin bo`ldi. Axir dadalari bajarayotgan amaliy mashg`ulotlar bir-biridan qiziq va o`zgacha edi.

Shimoli-g`arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati

Boshqa yangiliklar