AsosiyJamiyat

Oqsaroyda bir guruh yurtdoshlarimizga Vatanimizning yuksak mukofotlari topshirildi

Prezidentimiz Islom Karimov bugun Oqsaroyda bir guruh yurtdoshlarimizga Vatanimizning yuksak mukofotlarini topshirdi, deya xabar bermoqda O`zA.
Davlatimiz rahbarining farmonlariga muvofiq O`zbekiston Respublikasi mustaqilligining 23 yilligi arafasida mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish va islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga katta hissa qo`shgan, el-yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini yanada mustahkamlashda fidoyilik ko`rsatgan, jamiyatimizning ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnik va ma`naviy-ma`rifiy hayotida alohida e`tiborga sazovor bo`lgan bir guruh yurtdoshlarimiz davlat mukofotlari – faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangan edi.
Oqsaroyda 5 dekabr kuni ana shu yuksak mukofotlarni tantanali topshirish marosimi bo`ldi.
– Avvalambor, siz, azizlar bilan bugun mana shunday yaxshi kayfiyatda shu muhtasham zalda ko`rishganimdan, sizlarga o`zimning yuksak hurmat-ehtiromimni izhor etishdan xursandman, – dedi Islom Karimov. – Sizlarga ma`lumki, odatga aylanib qolgan an`anaga ko`ra, har yili Konstitusiya kuni arafasida Vatanimizning yuksak unvon, orden va medallariga sazovor bo`lgan yurtdoshlarimiz bilan uchrashib, ularni shu buyuk sana bilan tabriklash, ana shu mukofotlarni topshirishni o`zim uchun haqiqatan ham katta sharaf, deb bilaman.
Shu bilan birga, siz, azizlar qatori davlat mukofotlari bilan taqdirlangan barcha vatandoshlarimni g`oyibona bo`lsa ham bag`rimga bosib, muborakbod etish menga chuqur mamnuniyat etkazadi, quvonchimga quvonch bag`ishlaydi.
Biz jahondagi eng rivojlangan davlatlar qatoriga kirish, xalqimizning hayot darajasi va sifatini oshirish, xalqaro maydonda Vatanimizning obro`-e`tiborini yuksaltirish kabi oliy maqsadlarni o`z oldimizga qo`yganmiz. Ana shu yo`lda barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, belimizni mahkam bog`lab, oldimizga qo`ygan vazifalarni amalga oshirish, marralarni egallashga barcha kuchimizni safarbar qilishga intilmoqdamiz, dedi Prezidentimiz.
Buning tasdig`ini oxirgi 10 yilda dunyodagi kamdan-kam davlatlar qatorida O`zbekistonimizda yalpi ichki mahsulotning o`sishi 8 foizdan kam bo`lmasdan kelayotgani misolida ko`rish mumkin. Jahonda hamon davom etayotgan iqtisodiy inqiroz oqibatida ko`pgina davlatlarda iqtisodiy o`sish pasayib, hatto rivojlanishdan to`xtash holatlari yuz berayotgan bir paytda mamlakatimizning izchil va barqaror rivojlanib borayotgani, yangi – 2015 yilda ham bunday o`sish sur`atlari davom etishi kutilayotgani barchamizga g`urur va iftixor bag`ishlab, ko`pgina davlatlarning havasi va hayratini uyg`otmoqda.
Iqtisodiyotimizning barcha tarmoq va sohalarida ilgari misli ko`rilmagan natijalarga erishmoqdamiz. Qishloq xo`jaligini oladigan bo`lsak, mirishkor dehqonlarimiz bu yilgi mavsumda tabiiy va iqlim qiyinchiliklariga, suv taqchilligiga qaramasdan, qahramonona mehnat qilib, 8 million 50 ming tonna g`alla, 3 million 400 ming tonnadan ziyod paxta xirmoni bunyod etgani, barcha qishloq xo`jaligi ekinlaridan mo`l hosil etishtirgani har qanday tahsin va tasannoga munosibdir, dedi Yurtboshimiz.
Ana shunday yutuqlarimiz qatorida yuqori texnologiyalarga asoslangan, raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqaradigan o`nlab, yuzlab sanoat korxonalari, magistral yo`l va ko`priklar, zamonaviy transport-kommunikasiya tarmoqlari, shifoxonalar, maktab, lisey va kollejlar, madaniyat va sport maskanlari, savdo va maishiy xizmat ko`rsatish ob`ektlari ishga tushirilayotgani, keng ko`lamdagi obodonchilik ishlarimiz – bularning barchasi o`tib borayotgan 2014 yilning el-yurtimiz hayotida naqadar yorqin iz qoldirayotganidan yaqqol dalolat beradi.
Iqtisodiyotimizda tobora hal qiluvchi o`rin egallayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, servis va xizmat ko`rsatish, axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohalarida avval tasavvur qilish ham qiyin bo`lgan yuksak natijalarga erishayotganimiz haqida ko`p gapirish mumkin.
Keyingi yillarda shahar va qishloqlarimiz, butun yurtimizning qiyofasi tubdan o`zgarib, yanada go`zal va obod bo`lib borayotgani haqida siz, azizlarning har biringiz o`zingiz yashab turgan hudud hayotidan ko`plab misollarni keltirishingiz mumkin.
Ayniqsa, nafaqat mamlakatimiz, balki xorijiy davlatlarda ham katta qiziqish uyg`otayotgan dasturimiz, ya`ni qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida shu yilning o`zida 11 mingta shinam uy-joy barpo etilgani qancha-qancha oilalarga xursandchilik bag`ishlagani, ularning turmush madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilishi bilan e`tiborlidir, deb ta`kidladi Islom Karimov.
Biz uchun eng muhim, eng ustuvor vazifa bo`lgan yosh avlodimizni sog`lom va barkamol qilib tarbiyalash, inson salomatligini asrash borasida o`zini ayamasdan, jonbozlik ko`rsatib kelayotgan ustoz va murabbiylar bo`ladimi, shifokorlarimiz bo`ladimi – ularning oliyjanob mehnatini bugun albatta hurmat bilan tilga olamiz.
Shular qatorida ilmu fan, madaniyat va san`at, sport sohalarida, xalqimiz ma`naviyatini yuksaltirish bo`yicha joriy yilda erishgan yutuqlarimiz Vatanimizning shon-shuhratini butun dunyoga tarannum etishga ulkan hissa bo`lib qo`shilganini ta`kidlash lozim.
Bugungi kunda oramizda shunday insonlar borki, mamlakatimizni barqaror sur`atlar bilan rivojlantirish, yurtimizda hech kimdan kam bo`lmaydigan, erkin va obod hayot barpo etishda, tinchlik va osoyishtalik, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashda ularning o`rni va ta`siri beqiyosdir, dedi Prezidentimiz.
Bu borada mahalla, nuroniylar, xotin-qizlar, yoshlar tashkilotlari faollarining hissasi g`oyat katta ekani barchamizga yaxshi ayon.
Bizning tinch va osuda hayotimizni, musaffo osmonimizni ko`z qorachig`idek asrab kelayotgan, bugungi notinch va tahlikali bir vaziyatda shu yo`lda ko`kragini qalqon qilishga tayyor bo`lgan mard va jasur harbiylarimizning mashaqqatli va sharafli xizmatini hech narsa bilan qiyoslab bo`lmaydi. Mana shunday dovyurak, botir o`g`lonlarimizning shonli mehnatini e`zozlashimiz, qadrlashimiz kerak, dedi davlatimiz rahbari.
So`ngra Prezidentimiz davlat mukofotlarini tantanali ravishda topshirdi.
– Bugun sizlarning har biringiz uchun haqiqatan ham unutilmas kun, qutlug` ayyom, – dedi Islom Karimov. – Vatanimizning sizlarga berilgan nufuzli mukofotlari xalqimiz, davlatimizning barchangizga bildirgan yuksak ishonchidan, oliyjanob mehnatingiz munosib qadr topganidan dalolat beradi.
Vatanimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo`lgan barcha-barcha yurtdoshlarimizga, siz, azizlarga aytadigan tabrik va tilaklarim: bunday yuksak unvon, orden va medallar hammangizga buyursin, yangi yutuq va omadlar, baxt, sog`lik-salomatlik, fayzu baraka keltirsin. Yurtimiz, elimiz omon, osmonimiz musaffo bo`lsin, dedi pirovardida davlatimiz rahbari.
Taqdirlanganlar nomidan so`zga chiqqan O`zbekiston Qahramoni, Qamashi tumanidagi «Bozor o`g`li Abdi» fermer xo`jaligi boshlig`i Abdimurod Bozorov, «El-yurt hurmati» ordeni sohibi, Respublika Ma`naviyat targ`ibot markazining Qoraqalpog`iston bo`limi rahbari Sharap Usnatdinov, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining yoshlar bilan ishlash bo`yicha o`rinbosari Iqbol Mirzo, “Do`stlik” ordeni sohibasi, gimnastika bo`yicha Respublika oliy sport mahorati maktabining badiiy gimnastika bo`yicha murabbiyi Tatyana Rogovaya, O`zbekiston Qahramoni, akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazi bo`lim mudiri Zayniddin Nizomxo`jaev, «El-yurt hurmati» ordeni sohibi, «O`zbeknavo» estrada birlashmasi xonandasi Ozodbek Nazarbekov davlatimizning ushbu yuksak mukofotlari bundan buyon ham Vatan taraqqiyoti yo`lidagi fidokorona mehnatni yanada yuqori sur`at va shijoat bilan davom ettirishga undashini, yangi marralarni egallashga ilhomlantirishini ta`kidladilar, yuksak e`tibori va g`amxo`rligi uchun Prezidentimiz Islom Karimovga samimiy minnatdorlik bildirdilar. 

    Boshqa yangiliklar