AsosiyJamiyat

Qozoq-nemis universiteti talabalari uchun yozgi o`quv kursi tashkil etildi

'Qozoq-nemis universiteti talabalari uchun yozgi o`quv kursi tashkil etildi'ning rasmi

10-22 iyun kunlari Toshkent irrigasiya va qishloq xo`jaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI) negizida Qozoq-nemis universiteti (QNU) talabalari uchun “Suv resurslarini boshqarish asoslari: nazariya, amaliyot va ilmiy tadqiqotlar integrasiyasi” mavzusiga bag`ishlangan ikkinchi yozgi o`quv kursi tashkil etildi. Kurs AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi (MOMEM), O`zbekiston Respublikasi Suv xo`jaligi vazirligining (SXV) hamkorlikdagi “Suv, ta`lim va hamkorlik” (Smart Waters) loyihasi doirasida tashkil etildi.

QNU magistratura bosqichi “Suv resurslarini institusional boshqarish” (SRIB) dasturining yozgi maktabda ishtirok etgan etti nafar talabasi Afg`onistan, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston hamda Turkmaniston kabi mamlakatlar vakillaridir.

Shuningdek ishtirokchilar orasida TIQXMMI magistratura bosqichining etti nafar talabasi ham bor edi.

O`quv kursining asosiy maqsadi – kelgusida Markaziy Osiyo hududida qo`llaniladigan bilim va ko`nikmalarni QNU talabalariga etkazish va ularning bu boradagi bilimlarini mustahkamlash, QNU va TIQXMMI talabalari o`rtasida muloqot maydonini yaratish hamda mahalliy institutimiz professor-o`qituvchilari tarkibi ilmiy-texnik salohiyatidan foydalanishdan iborat.

«Kelgusi avlodlar uchun suvdan foydalanish imkoniyatini ta`minlash bir butunlikdagi yondoshuvni talab etadi, ya`ni bunda er va suvga yagona ekotizim tariqasida qaraladi. Biz chegaralar osha nigoh tashlay olishimiz va mamlakatlarning tabiiy resurslari chegaralangani natijasida kelib chiqadigan murakkab muammolar echimi ustida birgalikda ishlashimiz juda muhim. Loyihalashtiruvchilar, siyosatchilar, mahalliy hamjamiyatlar, tashkilotlar va alohida shaxslar – hammaning o`z roli bor, bu rollar hamjihatlikdagi harakatlarda yanada ko`proq samara beradi», - dedi o`zining maktab ochilishidagi tabrik so`zida USAIDning O`zbekistondagi direktori Geri Robbins.

102 o`quv soati mobaynida talabalar nazariy, amaliy, laboratoriyaviy va mustaqil mashg`ulotlarni o`tashdi. Shuningdek Surxondaryo viloyatidagi irrigasiya va meliorasiya ob`ektlariga sayyor mashg`ulotlar ko`zda tutildi.

«Bizlar ham mahalliy, ham etakchi xorijiy universitetlar bilan har tomonlama hamkorliklarning yanada mustahkamlanishi tarafdorimiz, yozgi maktabning asosiy maqsadlaridan biri ham shu aslida. Olimlar va mutaxassislar o`rtasidagi hamkorlik jahonning qaysi burchagida istiqomat qilishidan, o`qishi yoki ishlashidan qat`iy nazar o`sib kelayotgan avlod, talabalar va yosh mutaxassislar hamkorligini yuzaga keldiradi», - ta`kidladi TIQXMMIning Xalqaro hamkorlik masalalari bo`yicha prorektori, yozgi o`quv maktabi ma`ruzachilaridan biri Abdulhakim Salohiddinov.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida ta`kidlaganidek, “suv muammosini hal qilishning Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari va xalqlari manfaatlarini teng hisobga olishdan boshqa oqilona yo`li yo`q”. Bu boshqaruvning etakchi uslublari hamda suv resurslaridan foydalanish bo`yicha chuqur bilimlarni talab etadi. “Mazkur yozgi maktab aynan shu maqsadlarni ko`zlagan”, - ta`kidladi Salohiddinov.

Ikki haftalik o`quv kursi mobaynida talabalar suv resurslarini havzalar darajasida boshqarish asoslari, irrigasion tizimlarda oqimlarning oqish qonuniyati, gidrotexnik inshootlarning ekspluatasion ishonchliligi va xavfsizligi, nasos stansiyalari va nasoslar ekspluatasiyasi, suv tejovchi sug`orish texnologiyalari singari modullar bilan tanishishdi.

Surxondaryo viloyatiga uyushtirilgan mashg`ulot davomida talabalar MOMEMning ikki loyihasi - “Smart Waters” (USAID) va UzWaterAware (Evropa Ittifoqi) doirasida hamroh bo`lgan jurnalistlar bilan birgalikda “Amuzon-1” nasos stansiyasi, “Oqtepa” gidrouzeli, To`palang suv ombori, GES va gidrouzel, Janubiy-Surxon suv ombori singari ob`ektlarga tashrif buyurdilar. Ishtirokchilar hamkasblari bilan muloqot qilishdi, mazkur ob`ektlardagi jarayonlar va ishlarning o`ziga xosliklari bilan tanishishdi.

Kurs tamom bo`lganida barcha ishtirokchilar xalqaro malaka oshirish sertifikatlarini qo`lga kiritishdi. Shuningdek ular ikki hafta natijalariga ko`ra olgan taassurotlari bilan o`rtoqlashishdi.

Aryan Anvar Xusayn (Afg`oniston): “Notexnik ma`lumotga ega bo`lgan odam va QNUdagi SRIB dasturi talabasi sifatida men uchun suv resurslarini boshqarishning texnik jihatlari, ularni boshqarishda infratuzilmaning qanday turlari mavjudligi qo`llanilishi haqida bilish juda muhim. Ushbu yozgi maktab menga bularning barchasiga guvoh bo`lish va o`rganish imkoniyatini berdi. Menga bizning Termiz shahriga uyushtirgan safarimiz va avval haqiqiy hayotda hech ko`rmaganlarim – suv omborlari hamda nasos stansiyalarida olgan ma`lumotlarimiz juda ma`qul keldi”.

Diana Aripxanova (Qozog`iston): “Mazkur yozgi dastur suv resurslarining ham texnik, ham ijtimoiy sohalarini qamrab oladi. Biz suvning ahamiyatini yanada chuqur anglash uchun etmayotgan amaliy va nazariy bilimlarni qo`lga kiritdik. TIQXMMI, professorlar, talabalarga qo`llab-quvvatlash, mazkur dastur doirasida o`tgan mazmunga to`la kunlar uchun minnatdorlik bildiraman. Yozgi maktabning SRIB uchun ahamiyati juda katta, chunki madaniyat, tajriba va bilimlarni o`rganar ekanmiz mamlakatning suv sohasi holati oldimizda to`liq gavdalanadi”.

Alijon Qurbonov (Tojikiston): “Yozgi maktab ulkan gidroinshootlarni real hayotda ko`rish imkoniyatini berdi. Talabalar, magistrlar va aspirantlarga o`z ilmiy ishlari uchun tadqiqotlar o`tkazish imkoniyatini taqdim etuvchi TIQXMMIdagi laboratoriyalar menda katta qiziqish uyg`otdi. Men iliqlik va mehmondorchilik uchun hamda o`zimning magistrlik ishim uchun zarur bilim va ma`lumotlarni bergan yozgi o`quv kursi tashkilotchilariga minnatdorchilik bildiraman”.

Arif Mamedov (Turkmaniston): “Men uchun bularning barchasi, ayniqsa, Surxondaryo viloyatiga sayohat ajoyib tajriba va yangi bilimlar manbai bo`ldi. Bir butun mexanizm tarzida ishlaydigan ko`p sonli gidrotexnik inshootlarni o`z ko`zim bilan ko`rish, uning ishlashini tushunish – bu ko`pga tatishi aniq. Ushbu yozgi kursni biz uchun tashkil etganlarga rahmat!”

Darvoqe, Markaziy Osiyo davlatlari va Afg`onistonda USAID tomonidan moliyalashtirilayotgan Smart Waters loyihasi MOMEM tomonidan 2015 yildan beri amalga oshirilmoqda. Loyihaning maqsadi o`zaro hamkorlikning professional tarmog`ini yaratishni qo`llab-quvvatlash, suv resurslarini barqaror boshqarish masalalari bo`yicha strategik tavsiyalar berish hamda salohiyatini oshirish va mintaqaviy muloqotni rivojlantirishdan iborat. Dastlabki yozgi o`quv maktabi Toshkent shahrida 2018 yilning 4-20 iyun kunlari o`tkazilgan. Kursning dasturi va materiallari TIQXMMI professor-o`qituvchilar tarkibi tomonidan maxsus ishlab chiqilgan va tayyorlangan.

    Boshqa yangiliklar