AsosiyJamiyat

Ichki ishlar xodimlarining malakasi oshirilmoqda

'Ichki ishlar xodimlarining malakasi oshirilmoqda'ning rasmi

Mamlakatimizda barcha sohalar singari, ichki ishlar organlari tizimini ham takomillashtirish, ularning quyi bo`g`inlarini aholiga yanada yaqinlashtirgan holda mustahkamlash, “Jinoyat haqiqati va adolati”, “Qonun va adolat – ustuvor, jinoyatga jazo – muqarrar” degan tamoyillarni qaror toptirish ko`p jihatdan, soha xodimlarining bilim va ko`nikmalarini oshirishga bog`liq hisoblanadi.

Ushbu ustuvor vazifalardan kelib chiqib, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi «Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarori ijrosini ta`minlash maqsadida Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Ta`kidlash joizki, Institut professor-o`qituvchilari tomonidan o`tgan 11 oy mobaynida o`tkazilgan o`quv yig`inlarida qariyb 6500 ga yaqin xodimlar qatnashib, o`z malakasini oshirdi.

Joriy yilning 1-17 iyul kunlari Institut tomonidan Andijon, Namangan, Sirdaryo, Farg`ona, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridagi tumanlar va shaharlar ichki ishlar organlarining jinoyat-qidiruv bo`limlari boshliqlari, xavfsiz turizmni ta`minlash xizmati tezkor va profilaktika xodimlari, navbatchilik qismlari xodimlari va profilaktika inspektorlari uchun malaka oshirish sayyor o`quv yig`inlari o`tkazilmoqda.

O`quv yig`inlarida Davlatimiz Rahbari tomonidan ilgari surilgan ichki ishlar organlari faoliyatiga oid dolzarb vazifalarga, ularning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga, sohaga oid qabul qilingan yangi normativ-huquqiy va me`yoriy hujjatlarning talablari bilan tanishtirishga va ular asosida xizmat faoliyati samaradorligini oshirishga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Shuningdek, mashg`ulotlar mobaynida huquqni muhofaza qiluvchi organlar, xususan ichki ishlar idoralari faoliyatidagi ilg`or tajribalar bilan tanishtirilmoqda.

Ta`lim muassasasining Huquqbuzarliklar profilaktikasi, Jinoyatchilikka qarshi kurashish, Jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta`minlash, Axborot-texnologiyalari kafedralari professor-o`qituvchilari tomonidan nazariy va amaliy mashg`ulotlar o`qitishning zamonaviy interfaol uslublari, pedagogik va axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan keng foydalangan holda o`tkazilmoqda.

Sayyor o`quv yig`inlarini Institut boshlig`i, yuridik fanlar doktori, professor, polkovnik Nuriddin Normatov ochib, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisidagi nutqida butun xalqimiz uchun buyuk ne`mat hisoblangan “tinchlik va osoyishtalikni saqlash” masalasiga bugungi kunda jamiyatimizdagi eng muhim ikkita masaladan biri sifatida alohida e`tibor qaratganligi xususida to`xtalib o`tdi.

Davlatimiz Rahbari tomonidan yoshlarga e`tiborni kuchaytirish, yosh avlodni madaniyat, san`at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan to`g`ri foydalanish ko`nikmasini shakllantirish, yoshlar o`rtasida kitobxonlikni targ`ib qilish, xotin-qizlar bandligini ta`minlash borasida ilgari surilgan 5 ta yo`nalishdagi tashabbusni hamda ularni amalga oshirish yo`l-yo`riqlari tizim xodimlariga tushuntirib berildi.

Bundan tashqari, joylarda o`tkazilayotgan ushbu tadbirlar doirasida Institut professor-o`qituvchilari tomonidan hududiy ichki ishlar organlari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlarni faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha kengashlar bilan hamkorlikda mahallalarda aholi, shu jumladan yoshlar o`rtasida “Mening mahallamda jinoyat sodir bo`lmasligi kerak” mavzusida targ`ibot ishlari olib borilmoqda.

O`tkazilgan mazkur ma`naviy-ma`rifiy tadbirlarda mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikning qadriga etish, uning barqarorligiga hissa qo`shish, mahallalarda sodir etilgan huquqbuzarliklarning oqibatlari bilan kurashish emas, balki ularni barvaqt oldini olish, sodir etishga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni o`z vaqtida bartaraf etishda jamoatchilikning roli kabi mavzular haqida so`z yuritilmoqda.

Shuningdek, Institut professor-o`qituvchilari tomonidan mahallalarda istiqomat qilayotgan kam ta`minlangan, yakka yolg`iz keksa avlod vakillarining holidan xabar olish ham amalga oshirilmoqda.

Sayyor o`quv yig`inlari joylarda davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar