Baliq ovlash, ayniqsa, sinalmagan suv manbalarida bu ish bilan shug`ullanish hammaning ham qo`lidan kelavermaydi. Namangan viloyati To`raqo`rg`on tumanining Shahand qishlog`ida yashovchi 65 yoshli M.T.ning baliq tutishga ishtiyoqi fojia bilan tugadi.
Gap shundaki, qo`shni Mingbuloq tumanidan oqib o`tadigan, xalq tili bilan aytganda “Bomba” kanali deb nomlanuvchi inshootdan baliq tutish uchun tashlangan to`rning orqasidan suzib borayotgan to`rt nafar “ovchi”girdobga duch kelib qoladi. Sheriklari bir amallab undan uzoqlashishga muvaffaq bo`ladilar. M. akani esa shiddat bilan oqayotgan suvning uyuri domiga tortadi.
Hodisa o`tgan juma kuni sodir bo`lgan edi. Ikki kunlik qidiruvdan so`ng M.T.ning jasadi kanalning quyi qismidan qalqib chiqadi. “Yaxshi inson edi”, deyishadi hamqishloqlari uni xotirlab.