AsosiyJamiyat

Parashyut sportiga tayyorgarlik: “Maydon”da 155 nafar desantchi sakrash amaliyotini bajardi

'Parashyut sportiga tayyorgarlik: “Maydon”da 155 nafar desantchi sakrash amaliyotini bajardi'ning rasmi

Janubi-g`arbiy maxsus harbiy okrug maxsus bo`linmalarining harbiy xizmatchilari “Maydon” hududida joriy yilning sentyabr oyida Qurolli Kuchlar miqyosida “Farg`ona” poligonida o`tkazilishi rejalashtirilgan parashyut sporti musobaqasiga qizg`in tayyorgarlik ko`rmoqda.

“D-6”, “Berkut-2”, “Malva aksioma” kabi parashyutlardan jami 155 nafar desantchi sakrash amaliyotini muvaffaqiyatli bajardi. Desantchilar muhim yo`riqnomalar asosida yana bir bor nazoratdan o`tkazildi. Shundan so`ng, “yarim shar” egalari Havo hujumidan mudofaa qo`shinlari va Harbiy havo kuchlariga qarashli Mi-8 harbiy vertolyoti bortidan joy oldi. Desantchilar o`n guruhga bo`lingan holda navbatma-navbat belgilangan hududga muayyan qo`shimcha yuklar bilan sakrash jangovar vazifasi bajarishga kirishdi.

“Shu kunga qadar ikki yuzdan ortiq parashyut bilan sakrash jangovar vazifasini: suvda, tunda barcha parashyut turlari bilan bajardim. Ko`plab parashyut sporti musobaqalarida qatnashish chog`ida havo desant ilmining nozik jabhalarini yaxshi o`zlashtirdik. Ushbu mashg`ulot joriy yilning sentyabr oyida Qurolli Kuchlar miqyosida “Farg`ona” poligonida o`tkazilishi rejalashtirilgan parashyut sporti musobaqasi oldidan muhim tayyorgarlik bosqichi hisoblanadi”, — deydi shartnoma bo`yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Boymurod Tursunov.

Mashg`ulot davomida ilk bor parashyut bilan sakrayotgan desantchilar ham mavjud. Ularning ko`nikma va imkoniyatlarini kengaytirish, har qanday vaziyatda yuksak ruhiy va jangovar barqarorligini ta`minlashga xizmat qiladigan mashg`ulot, ayniqsa, sakrash borasida debyut qilgan harbiylar uchun katta sinov bo`ldi.

Mashg`ulotni bevosita Qurolli Kuchlar Bosh shtabi jangovar tayyorgarlik bosh boshqarmasi jangovar tayyorgarlik boshqarmasi havo desant tayyorgarlik bo`limi boshlig`i podpolkovnik G`ulom To`ychiev, harbiy qism komandiri podpolkovnik Farhod Davlatov hamda mas`ul ofiserlar kuzatib bordi. Barcha sakrash amaliyotlari mutaxassislar tomonidan a`lo darajaga baholandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti

Boshqa yangiliklar