Ichki ishlar organlari xodimlarini terrorizmga va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini ta`minlash chog`ida halok bo`lgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron bo`lib qolgan deb topish tartibi to`g`risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro`yxatidan o`tkazildi.
Nizomga muvofiq, ichki ishlar organlari xodimlarini halok bo`lgan yoki nogiron bo`lib qolgan deb topish Maxsus komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
Tuman ichki ishlar organlari halok bo`lgan yoki nogiron bo`lib qolgan xodimlar va ularning oila a`zolari to`g`risidagi ma`lumotlarni viloyat ichki ishlar organlariga yuboradi.
Viloyat IIBlar yuborilgan har bir xodim uchun alohida yig`ma jild shakllantiradi va ularni Maxsus komissiyaga yuboradi.
Maxsus komissiya mavjud materiallarni ko`rib chiqib quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
– sobiq xodim terrorizmga va jinoyatchilikka qarshi kurashish chog`ida halok bo`lgan (nogiron bo`lib qolgan) deb topish to`g`risida;
– sobiq xodim terrorizmga va jinoyatchilikka qarshi kurashish bilan bog`liq bo`lmagan sabablarga ko`ra halok bo`lgan (olgan jarohati tufayli nogiron bo`lib qolgan) deb topish to`g`risida.
Terrorizmga va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini ta`minlash chog`ida halok bo`lgan yoki nogiron bo`lgan xodimlar farzandlariga oliy va o`rta maxsus ta`lim muassasalariga kirish uchun tavsiyanomalar beriladi.






