AsosiyJamiyat

Jinoyatlarning oldini olish – dolzarb vazifa

'Jinoyatlarning oldini olish – dolzarb vazifa'ning rasmi

Jamiyatimizda barqarorlikni saqlash, fuqarolarimiz tinchligi va osoyishtaligini ta`minlash, qonunchilik va huquq-tartibotni mustahkamlashda ichki ishlar organlarining samarali faoliyati muhim o`rin egallaydi.

Ta`kidlash joizki, Davlatimiz Rahbarining tashabbusi bilan keyingi
uch yilda sohani xalqparvar tizimga aylantirishga qaratilgan qariiyb 45 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Buning natijasida ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurash, uning oldini olish, jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta`minlash, aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish borasidagi roli tobora oshib bormoqda. Eng muhimi, ichki ishlar organlari xodimlarining xalq ichiga kirib borishlari sezilarli darajada o`sib borishi kuzatilmoqda.

Profilaktika inspektorlarining yordamchilari esa ichki ishlar organlari xodimlariga yaqindan yordam berish tizimining takomillashuvi esa aholi o`rtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga yo`naltirilgan profilaktik ishlarni tashkil etish va olib borishda hamda jamoat tartibini saqlashda g`oyat muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa amalda o`zining ijobiy samarasini bermoqda, albatta. Bugungi kunda mamlakatimizda mavjud 10 mingga yaqin mahallalarning aksariyatida jinoyatchilikning keskin kamayishiga erishilgani, ko`plab mahallada esa birortayam jinoyat sodir etilishiga yo`l qo`yilmagani fikrimizning dalilidir. Bu, albatta, ichki ishlar organlari xodimlarining aholi orasiga kirib, ular bilan hamdard, hamqadam bo`lishi, turli huquqbuzarlik va jinoyatlarga qarshi kurashda o`z atroflarida ularni jipslashtira olganliklarining samarasidir.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi
“Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori ijrosini ta`minlash maqsadida Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yaqinda Farg`ona va Toshkent viloyatlari tumanlar va shaharlar ichki ishlar organlarining jinoyat-qidiruv bo`limlari boshliqlari, xavfsiz turizmni ta`minlash xizmati tezkor va profilaktika xodimlari, navbatchilik va profilaktika inspektorlari uchun malaka oshirish sayyor o`quv yig`inlari tashkil etildi.

O`quv yig`inlarida Davlatimiz Rahbari tomonidan ilgari surilgan ichki ishlar organlari faoliyatiga oid dolzarb vazifalarga, ularning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga, sohaga oid qabul qilingan yangi normativ-huquqiy hujjatlarning talablari bilan tanishtirishga va ular asosida xizmat faoliyati samaradorligini oshirishga alohida e`tibor qaratildi.

Har qanday huquqbuzarlik holatlarining oldini olish borasidagi harakatlar avvalo, mahallalarda keng jamoatchilik ishtirokida tashkil etilishi alohida ahamiyat kasb etishini inobatga olgan O`zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari sayyor o`quv mashg`ulotlaridan so`ng mahallalarda “Mening mahallamda jinoyat sodir bo`lmasligi kerak” mavzusida uchrashuvlar uyushtirmoqdalar.

O`quv jarayonlarida olingan nazariy hamda amaliy bilim va ko`nikmalari soha xodimlarining jamiyatimizda barqarorlik va jamoat xavfsizligini,
elu-yurt osoyishtaligini ta`minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi yo`nalishlarida das­turilamal bo`lib xizmat qilmoqda.

– Yuksak professionalizm, odamlar orasiga kirib borish, yoshlar qalbiga yo`l topa bilish, oilalar bilan mustahkam aloqa o`rnatish har bir profilaktika inspektorining kundalik vazifasiga aylanmog`i lozim, – deydi Institut boshlig`i, yuridik fanlar doktori, professor Nuriddin Narmatov. – Davlatimiz rahbari ta`kidlaganlaridek, profilaktika inspektorlari ichki ishlar organlarining mahalladagi vakili emas, aksincha fuqarolar yig`inlarining ichki ishlar organlaridagi vakillariga aylanishi kerak, degan ustuvor vazifa negizida birinchi nav­batda, huquqbuzarliklarning oldini olish, sog`lom, ma`naviy barkamol avlodni tarbiyalashga ko`maklashish, yoshlarimizni turli zararli yot g`oyalar ta`siriga tushib qolishlariga yo`l qo`ymaslik yotibdi.

Shu paytga qadar Toshkent viloyati Chirchiq shahar “Ishonch”, Qibray tumanidagi “Yoshlik”, “Darxon”, “Oq oltin”, Toshkent tumanidagi “Navro`z”, Farg`ona shahridagi “Yangiyo`l”, Farg`ona tumanidagi “Dilkusho” mahallalarida o`tkazilgan ma`rifiy tadbirlarda mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikning qadriga etish, uning barqarorligiga hissa qo`shish, xavfsizlikka tahdidlarni “o`ziniki va o`zgalarniki” deb ajratish tuyg`usidan voz kechish, “har bir mahallani jinoyatchilikdan xoli hudud”ga aylantirish kabi mavzular haqida so`z yuritildi.

Ulug` muttafakkir shoirimiz Abdulla Avloniy ham barkamollikning asosini tarbiyada deb bilib, “Tarbiya bizlar uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidur”, degan edi. Zero mahalladagi har bir yoshning ertangi kuniga befarq bo`lmaslik jamoatchilik e`tiboridan chetda qolmasligi lozim.

Joylarda sayyor o`quv yig`inlari va targ`ibot tadbirlari davom etmoqda.

FIKR-MULOHAZALAR:

1. Gulchehra Ashurova, Qibray tumani “Yoshlik” mahallasida istiqomat qiladi.

– Bugungi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining professor-o`qituvchilari tomonidan o`tkazilgan uchrashuv ham samarali bo`ldi. Fuqarolarimiz o`zlarini qiziqtirgan savollariga to`laqonli javoblar oldilar. Mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikning qadriga etish, uning barqarorligiga hissa qo`shish, mahallalarda sodir etilgan huquqbuzarliklarning oqibatlari bilan kurashish emas, balki ularni barvaqt oldini olish, sodir etishga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni o`z vaqtida bartaraf etishda jamoatchilikning roli haqida batafsil ma`lumotlarga ega bo`ldik. Huquqbuzarliklarning oldini olish mexanizmlari bo`yicha tushunib oldik.

Shuningdek, mahallamizda spirtli ichimlikka mutassil ruju qo`ygan, oilaviy janjalkashlarga, jamoat joylarida yurish turish qoidalariga amal qilmay yoshlarga salbiy ta`sir ko`rsatayotganlarga nisbatan tegishli choralar ko`rish barobarida ularning xatti-harakatlarini keng jamoatchilik orasida muhokama qilib borishimiz, zarur hollarda tegishli idoralarga takliflar bilan chiqishimiz lozimligi haqida zarur tushunchalarga ega bo`ldik.

2. Abdurasul Abdulxaev, Chirchiq shahar “Ishonch” mahalla fuqarolar yig`ini raisi.

– Mahallamizda 4300 nafardan ziyod turli millat vakillari ahil-inoqlikda istiqomat qiladi. Ichki ishlar organlari xodimlarining huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish maqsadida joylarda o`tkazilayotgan ushbu targ`ibot-tushuntirish ishlari muhim ahamiyat kasb etadi.

Hududimizdagi aholining 50 foizga yaqinini ayollar, 700 nafarini voyaga etmaganlar tashkil etadi. Yoshlar ta`lim-tarbiyasi bilan bir qatorda, ularni turli salbiy illatlardan saqlanishlari va bilib-bilmay jinoyat ko`chasiga kirib qolishlarining oldini olish maqsadida targ`ibot tadbirlari tashkil etib boriladi. Mahallamizda yil boshidan shu kunga qadar jinoyat sodir etilmadi. Biroq, Chirchiq shahrining 50 yilligi ko`chasi serqatnov bo`lganligi bois yo`l-transport hodisalari bo`lib turadi. Bunday holatlarning ushbu joyda bir necha bor takrorlanayotganligini ko`rib, keng jamoatchilik bilan hamkorlikda svetofor va kamera o`rnatish borasida tegishli tashkilotlarga takliflar bilan chiqdik.

Bugungi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining professor-o`qituvchilari tomonidan o`tkazilgan uchrashuv ham samarali bo`ldi. Fuqarolarimiz o`zlarini qiziqtirgan savollariga to`laqonli javoblar oldilar.

3. Mirali Choriev, Qibray tumani Baytqo`rg`on mahallasida Ziyonur ko`chasida yashovchi, 2-guruh nogironi.

Ayolining vafotidan keyin uch marotaba insultni boshidan o`tkazgan M.Choriev gapira olmasa-da bir guruh ichki ishlar organlari xodimlarini ko`rib, xursandchiligidan ko`ziga yosh oldi. Ayoli olamdan o`tganda kichik farzandi juda yosh edi.

– Qo`shnim bu yil 61 yoshga to`ldi. Kasalligi tufayli nogiron bo`lib qoldi,
–deydi Saida Isroilova. – Albatta, onasi Sharofat opa uchun farzandining kasalligini ko`rishdan og`ir azob yo`q. Ammo, har doim davlatimizning e`tiborini his qilib turadi, mahalla-ko`y, homiy tashkilotlar doim xabar olib turishibdi. Men muhtaram Prezidentimizdan, ushbu tadbirni uyushtirgan Ichki ishlar vazirligi rahbariyatidan ham juda minnatdorman.

4. Murodjon Sattorov – Farg`ona shahar “Yangiyo`l” mahalla fuqarolar yig`ini raisi.

– IIV Malaka oshirish institutining professor-o`qituvchilari tomonidan “Mening mahallamda jinoyat sodir bo`lmasligi kerak” mavzuida o`tkazilgan davra suhbatida mahallamizda istiqomat qilayotgan yoshu-qarilar qatnashib, o`zlariga kerakligi tushunchalarga ega bo`ldi.

Fqarolarimiz tinchlik-osoyishtalikning qadriga etish, uni saqlash uchun qanday ishlarni amalga oshirish kerakligi va ularga mahallada yashovchi har bir fuqaro mas`ul ekanligini, befarqlikdan yiroqda bo`lish, hamjihatlikda amalga oshirish kerak bo`lgan tadbirlar yuzasidan o`z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

5. Nigora Mahmudova – 1993 yilda tug`ilgan, Farg`ona shahar “Yangiyo`l” mahallasida istiqomat qiladi, bolalikdan 1-guruh nogironi.

Fuqaro N.Mahmudovaning onasi Dilfuza Mahmudova quyidagi fikrlarni bildirdi: “Mening 3 nafar farzandim bor, to`ng`ich farzandim qizim Nigora Mahmudova tug`ma nogiron bo`lib tug`ilgan, shu kungacha unga turmush o`rtog`im bilan birga qarab, parvarishlab kelayapmiz. Qolgan farzandlarim yaxshi, biri ishlaydi, keyingisi maktabda o`qimoqda, mahallamiz faollar tez-tez xabar olib turishadi, shahar tibbiyot birlashmasi xodimlari ham muntazam kelib sog`lig`ini nazorat qilishadi”.

6. Vladislav Sobirov – 1985 yilda tug`ilgan, Farg`ona shahar “Yangiyo`l” mahallasida istiqomat qiladi, bolalikdan 2-guruh nogironi.

Fuqaro V.Sobirovning otasi Nazirjon Sobirov quyidagi fikrlarni bildirdi: “Mening 2 nafar farzandim bor, to`ng`ich o`g`lim oilasi bilan alohida yashaydi, bu o`g`lim bolalikdan nogiron bo`lib tug`ilgan, turmush o`rtog`im 10 yil avval vafot etgan, yolg`iz o`zim o`g`limga qarab kelaman. O`zim ham 2-guruh nogironiman, xotinim qazo qilgandan keyin juda qiynaldim, lekin mahalla, qo`ni-qo`shnilar qarab turganlari yo`q, ular menga har tomonlama ko`mak berishdi, bundan keyin ham berib kelishmoqda”.

– Haqiqatan Sobirov Nazir aka turmush o`rtog`i vafot etganidan keyin qiynaldi, – deydi “Yangiyo`l” mahalla fuqarolar yig`ini raisi M. Sattorov. – Lekin mahalla ahli qarab turmadi, unga qo`lidan kelganicha yordam berib, ko`maklashib kelayapti.

7. Abrorjon A`zamov – Rishton tumani “Beshkapa” mahallasiga xizmat ko`rsatuvchi profilaktika katta inspektori, kapitan.

– O`zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti tomonidan tashkil etilgan navbatdagi sayyor o`quv yig`inida sohamizga oid qabul qilingan qonun hujjatlari hamda IIVning buyruqlarini, shuningdek voyaga etmaganlar va yoshlar o`rtasida, oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda davlat va nodavlat tashkilotlar, ichki ishlar organlarining sohaviy xizmatlari bilan o`zaro hamkorlikni to`g`ri tashkil etish yo`llarini o`rgandik.

O`ylaymizki, o`quv mashg`ulotlarida olgan bilimlarimiz men xizmat qilayotgan fuqarolar yig`inini jinoyatdan holi mahallaga aylantirishga xizmat qiladi.

8. Shohruh Hamroev, Yangiyo`l tumani “Niyozbosh” mahalasiga xizmat ko`rsatuvchi profilaktika inspektori, kapitan.

– O`zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish institutining sayyor o`quv yig`inlarini o`tkazishdan maqsadi bizlarni ya`ni ichki ishlar organlari ofiser xodimlarining xizmat faoliyatidan ajralmagan holda xizmat majburiyatlarini samarali bajarishlari uchun kasbiy bilim va ko`nikmalarimizni oshirishdan iborat.

Mana bugun Toshkent viloyati IIB tumanlar va shaharlar ichki ishlar organlarining jinoyat-qidiruv bo`limlari boshliqlari, xavfsiz turizmni ta`minlash xizmati tezkor va profilaktika xodimlari, navbatchilik qismlari va profilaktika inspektorlari uchun sayyor o`quv yig`inlari bo`lib o`tmoqda.

Besh kunga mo`ljallangan o`quv jarayonlarida sohaga oid qabul qilingan yangi normativ-huquqiy va idoraviy-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati bilan tanishdik. Bizning oldimizdagi asosiy vazifa nazariya va amaliyotning uyg`unligini ta`minlab, olgan bilimlarimizni faoliyatimizga tadbiq etish hisoblanadi. O`ylaymanki, o`rganganlarimiz kelgusidagi xizmat faoliyatimizda qo`l keladi.

O`zbekiston Respublikasi IIV

Malaka oshirish instituti

matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar