Bojxona chegaralari orqali dori vositalari va tibbiy buyumlarini jismoniy shaxslar tomonidan olib kirish hamda olib chiqishning o`z tartib va me`yorlari mavjudligiga qaramasdan ba`zi fuqarolar tomonidan mo`may daromad orttirish maqsadida huquqbuzarlik holatlari sodir etilmoqda.
Xususan, Samarqand xalqaro aeroportiga xorijdan uchib kelgan fuqaro A.S. “yashil” yo`lak orqali harakatlanar ekan, uning xatti-harakatlari bojxonachilar e`tiborini tortdi.
Natijada belgilangan tartibda tekshiruvdan o`tkazilgan ushbu shaxs yuklari orasida bojxona deklarasiyasida ko`rsatilmagan va og`zaki so`rovda ma`lum qilinmagan umumiy qiymati 132 million so`mdan ortiq bo`lgan in`eksiyalar uchun eritmalar ko`rinishidagi 100 dona “Dysport 500U” nomli dori vositalari borligi aniqlangan.
Ushbu holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, tekshiruv harkatlari olib borilmoqda.
Ta`kidlash joizki, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 8 iyundagi “Dori vositalari va tibbiy buyumlarni jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirish hamda olib chiqish tartibi to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 191-sonli Qaroriga muvofiq jismoniy shaxslar in`eksiyalar uchun eritmalarni 10 ampuladan yoki 10 flakondan ortiq bo`lmagan miqdorda olib kirish yoki olib chiqishlari mumkinligi belgilab qo`yilgan.