Xorijda ishlab chiqarilgan, ammo bojxona rasmiylashtiruvidan o`tganligi va sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo`lmagan alkogolli ichimliklar nafaqat ichki bozordagi raqobat muhitiga, shuningdek yurtdoshlarimizning salomatligiga ham salbiy ta`sir o`tkazishi tayin.
Shunga qaramay ayrim fuqarolar amaldagi tartiblarni buzgan holda alkogolli mahsulotlarni respublikamizga olib kirishga bo`lgan noqonuniy urinishlari hamon uchrab turibdi. Bu haqda Davlat bojxona qo`mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Jumladan, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “G`ishtko`prik” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan yirik miqdordagi sifati kafolatlanmagan alkogol maxsulotlarining yurtimizga olib kirish holatining oldi olindi. Qo`shni mamlakatdan piyoda holda kirib kelgan fuqaro M.O.ning qo`l yuklari bojxona ko`rigidan o`tkazilganida, yo`lovchi bojxona deklarasiyasida yozib ko`rsatilmagan va og`zaki so`rovda taqdim qilinmagan, umumiy qiymati 6,3 million so`mlik spirtli ichimliklarni hech qanday hujjatlarsiz olib kirishga bo`lgan urinishi fosh qilindi.
Yana bir shunday holatda “S.Najimov” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan mamlakatimizga kirib kelgan fuqaro A.E.ga tegishli “Chevrolet Lacetti” rusumli engil avtomashina belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o`tkazildi.
Natijada, avtomashinaning yukxonasida yo`lovchi bojxona deklarasiyasida ko`rsatilmagan va og`zaki so`rovda aytilmagan, qiymati
1,3 million so`mlik spirtli ichimliklar borligi aniqlandi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.