Bojxonachilar tomonidan bojxona to`lovlaridan bo`yin tovlab, turli noqonuniy yo`llar bilan tovar moddiy boyliklarini yurtimizga olib kirishga urinayotgan kimsalarning qing`ir ishlari o`z vaqtida bartaraf etilmoqda.
Jumladan, Qoraqalpog`iston Respublikasi bojxona boshqarmasining “Nukus” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan xorijdan olib kelingan yuklarning hujjatlar bilan mutanosibligi tekshirildi. Bu haqda Davlat bojxona qo`mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Tekshiruv jarayonida, xorijdan mamlakatimizdagi mas`uliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga keltirilgan, qiymati1580 AQSh dollariga teng bo`lgan “metall simlarni cho`zishda ishlatiladigan kukunsimon moylash vositasi” tovariga bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida taqdim etilgan tashqi iqtisodiy tovar nomenklatura kodlari to`g`ri kelmasligi aniqlandi.
Qonunbuzarlar kodlarni almashtirish evaziga bojxona to`lovlaridan 21 million so`mni “tejash”ga uringanligi fosh bo`ldi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.