Sanoatda muhim ahamiyat kasb etuvchi qora va rangli metallning parcha va chiqindilari ham o`z qiymatini yo`qotmaydi.
Respublikamizda rangli metallar chiqindilarining o`g`irlanishi hamda noqonuniy olib chiqib ketilishining oldini olishda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Rangli va qora metallar parchalari, chiqindilari bilan ishlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 2018 yil 6 iyundagi 425-son Qarori muhim o`rin egallaydi.
Unga ko`ra, endilikda jismoniy shaxslar ham metall parchalarini erkin narxlarda “O`zmetkombinat” va “O`zikkilamchiranglimetall” aksionerlik jamiyatlariga topshirishlari mumkin.
Shunga qaramay, tarkibida rangli metallar bo`lgan mexanizm va agregatlarni talon-toroj qilish bilan bog`liq huquqbuzarlik faktlari hali hanuz uchrab turibdi. Bu haqda Davlat bojxona qo`mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Jumladan, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo`limi xodimlari tomonidan Toshkent shahri Yashnobod tumani hududida o`tkazilgan tezkor tadbir davomida, “Qashqadaryo-Toshkent” yo`nalishi bo`yicha harakatlanayotgan fuqaro S.Z. boshqaruvidagi “Kamaz 53212” rusumli avtotransport vositasi to`xtatilib, belgilangan tartibda xolislar ishtirokida ko`zdan kechirildi. Natijada, avtomashina yukxonasida tegishli hujjatlari bo`lmagan va taxtalar orqasiga berkitilgan 2268,5 kilogramm, umumiy qiymati 36,1 million so`mlik rangli metall parchalari yashirilganligi aniqlandi.
Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.