Bojxona organlari tomonidan sifati kafolatlanmagan dori vositalarini yurtimizga noqonuniy olib kirilishini oldi olishga qaratilgan ko`plab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Namangan viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo`limi xodimlari viloyat Davlat xavfsizligi xizmati xodimlari bilan hamkorlikda Uychi tumanida tezkor tadbir o`tkazishdi.
Tadbirda, fuqaro U.M. boshqaruvidagi “Lasetti” avtomashinasi to`xtatilib, belgilangan tartibda ko`zdan kechirildi.
Natijada, avtomashinaning saloni hamda yukxonasida tegishli hujjatlari bo`lmagan qiymati 412,8 million so`mlik 54 turdagi dori vositalari borligi aniqlandi.
Shundan so`ng, tezkor tadbir davom ettirilib, fuqaro M.Yo.ning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko`zdan kechirildi. Tekshiruv davomida xonadonning orqa tomonidagi bog`da qiymati 591,4 million so`mlik 93 turdagi dori vositalari borligi ma`lum bo`ldi.
O`tkazilgan tezkor tadbir davomida umumiy qiymati 1 milliard so`mdan ortiq bo`lgan dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.