AsosiyJamiyat

Yashash — bu kurash demakdir!

'Yashash — bu kurash demakdir!'ning rasmi

Inson uchun eng qadrli narsa nima? Hayot, chunki bizning barcha quvonchlarimiz, butun baxtimiz, jamiki umidlarimiz faqat hayot bilan bog`liqdir. Agar, u nihoyalab qolsachi? Har soniyada dunyoning turli nuqtalarida insonlar yashash uchun kurashadilar. Kimdir bu kurashda mag`lub bo`lsa, yana kimdir g`olib bo`ladi. Jizzaxlik Shohruh ham g`oliblik uchun kurash olib bormoqda.

Sh.Xolboev 24 yoshda, ammo yosh bo`lishiga qaramay, u hayot uchun kurashmoqda. Glomerulonefrit (ikki tomonlama buyrak etishmovchiligi) tashxisi bilan og`rigan Shohruh to`laqonli hayotga qaytishga harakat qilmoqda.

Shohruh Jizzax viloyatida tug`ilib ulg`aydi. Undan avval, bu og`ir dard bilan uning ukasi og`ridi, ammo uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo`lmadi. Badandagi shishlar, bosh og`rig`i, ko`ngil aynishi va holsizlik kabi shikoyatlar bilan shifoxonaga kelgan Shohruhgaglomerulonefrit tashxisi qo`yildi.

Buyraklar organizm uchun juda muhim vazifani bajaradi – shlaklarni chiqarib yuboradi. Agar ularning ishi buzilsa, zaharlanish boshlanadi va salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Buyrak transplantasiyasi – bu hayot sifatini yaxshilash, uning davomiyligini oshirish imkoni. Donordan buyrakni olish uchun laparoskopiya metodidan foydalaniladi. Operasiya kam jarohatli, qorin sohasida kichik kesishlar yo`li bilan o`tkaziladi, taxminan 1,5-2 soat davom etadi.

Bemorga donor organini o`tkazish taxminan 2-3 soat oladi, umumiy anesteziya ostida bajariladi. Buyrak to`liq ishlashni boshlashdan oldin bemor gemodializ seanslarini oladi. Kateter odatda uch kundan so`ng olib tashlanadi. Agar sog`ayish jarayoni me`yorda kechsa, unda 4-5 kundan keyin bemorga javob beriladi.

Bu darddan faqat kasallangan buyrakni sog`lomiga almashtirish orqali qutulish mumkin. Bir o`g`lidan ayrilgan va ikkinchisining hayoti ham xavf ostida qolgan ona uning yashashi, jajji qizalog`i hamda oilasi bag`rida baxtli hayot kechirishi uchun o`z buyragini berishga ham tayyor. Lekin murakkab operasiyani qaerda bajarish va kim yordam berishi mumkin?

Bu borada unga shifokorlar tavsiyasiga binoan Hindistonda o`tkaziladigan operasiya yordam berishi mumkin. Buning uchun esa, katta miqdorda pul zarur. Shohruhning ota-onasi barcha imkoniyatlarini qo`llagan holda mablag` yig`ishga kirishdi. Uning operasiyaga qadar oladigan muolajasi uchun ham anchagina harajat qilish lozim. Moddiy ko`mak so`rash maqsadida Shohruhning otasi B.Rahmonqulov O`zbekiston yoshlar ittifoqiga murojaat qildi. Vaziyatni o`rgangan O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi va uning qoshida tashkil etilgan Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi tomonidan oilaga moddiy yordam ko`rsatildi.

Shohruh Xolboevning operasiyasi muvaffaqiyatli o`tib, oilasining bag`riga sog`-salomat qaytishini tilab qolamiz.

    Boshqa yangiliklar