Navoiy shahrida Navoiy kon-metallurgiya kombinati Yong`in xavfsizligi boshqarmasi mezbonligida Yong`in o`chirish amaliy sporti bo`yicha O`zbekiston Ochiq chempionati bo`lib o`tdi.
Dastlab “Yoshlar markazi”da chempionatning qura tashlash marosimi bo`lib o`tdi. Unga ko`ra, musobaqa ishtirokchilari sifatida Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri Yong`in xavfsizligi boshqarmalarining terma jamoalari aniqlandi. Jamoalar ishg`ol qilish narvonida o`quv minoraning 4-qavatiga ko`tarilish, 4x100 metrli yong`in o`chiruvchilar estafetasi, 100 metrga to`siqlar osha yugurish va yong`in o`chirish avtomobili orqali jangovor yoyilish shartlari bo`yicha o`zaro kuch sinashishdi.
NKMK Yong`in xavfsizligi boshqarmasi hududida chempionatning 1-turi – ishg`ol qilish narvonida o`quv minoraning 4-qavatiga ko`tarilish sharti o`tkazildi. Hakamlar tomonidan baholanib, qizg`in va murosasiz davom etgan bellashuvda Qashqadaryo terma jamoasi 1-o`rin, Navoiy terma jamoasi 2-o`rin, Qoraqalpog`iston Respublikasi terma jamoasi 3-o`rinni qo`lga kiritishdi.
Bundan tashqari terma jamoalar yong`in o`chirish avtomobili orqali jangovor yoyilish yo`nalishida o`zaro bahslashdilar.
Hakamlar xulosasiga ko`ra, bu yo`nalishda Toshkent shahri terma jamoasi birinchi, Namangan terma jamoasi ikkinchi va NKMK Yong`in xavfsizligi boshqarmasi terma jamoasi uchinchi o`rinni egalladi.
Mamlakatimiz birinchiligining uchinchi kuni ya`ni, 10 avgust kuni ishtirokchilar 100 metrga to`siqlar osha yugurish sharti bo`yicha o`zaro belashdilar. Unga ko`ra, Andijon terma jamoasi 1-o`ringa, Buxoro terma jamoasi 2-o`ringa va NKMK Yong`in xavfsizligi boshqarmasi terma jamoasi 3-o`ringa sazovor bo`lishdi.
Barcha shartlarning yakuniy natijalariga ko`ra, Buxoroliklar O`zbekiston chempioni, degan sharafli nomga sazovor bo`lishdi. Qashqadaryolik va Navoiylik jamoalar keyingi o`rinlarga loyiq topildi.
G`olib va sovrindorlarga diplom, medal va qimmatbaho sovg`alar topshirildi.






