AsosiyJamiyat

Xalq manfaatlariga xizmat qilish – ichki ishlar organlari faoliyatining asosiy mezoni

'Xalq manfaatlariga xizmat qilish – ichki ishlar organlari faoliyatining asosiy mezoni'ning rasmi

Har bir suveren davlat o`zining betakror tarixi va madaniyatiga egadir. Bu tarix, bu madaniyatning haqiqiy ijodkori, yaratuvchisi esa, haqli ravishda shu mamlakat xalqi hisoblanadi. O`zbekistonimizning ko`p asrlik tarixi, o`z davlat mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlashga qaratilgan taraqqiyoti bu haqiqatni yaqqol namoyon etadi.

Keyingi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli o`zgarishlar, bunyodkorlik jarayonlarining qudratli va hal qiluvchi kuchi ham hech shubhasiz, ko`pmillatli xalqimiz ekanligi barchaga ma`lum. Shaxsni barkamol etib voyaga etkazishda ham asosiy o`rinni xalq egallaydi.

Demak, har qanday davlat organining, shu jamiyatning to`laqonli a`zosi bo`lgan har qanday insonning ham oliy burchi xalq manfaatlariga xizmat qilish hisoblanadi.

Shu boisdan, so`nggi paytlarda Davlatimiz Rahbarining tashabbusi bilan «xalq bilan muloqot qilish», «xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak», «xalqni rozi qilish», «xalq rozi bo`lsa, ishimizda unum va baraka bo`ladi», «xalq bizdan rozi bo`lsa, Yaratgan ham bizdan rozi bo`ladi» degan ezgu tushunchalar davlat organlarining, shu jumladan ichki ishlar idoralari faoliyatining asosiy mezoniga, barcha bo`g`indagi rahbarlarning kundalik ishida asosiy qoidaga aylanib bormoqda.

Xalqparvar ichki ishlar tizimini yaratish yo`lida

O`tgan uch yil mobaynida mamlakatimizda Yurtboshimiz rahbarligida ichki ishlar organlari faoliyati samadorligini oshirish, uni mutlaqo yangi zamonaviy bosqichga ko`tarish, ichki ishlar organlari xodimlarining aholi bilan hamkorligini yanada mustahkamlash hamda ichki ishlar organlarini aholiga o`z vaqtida va sifatli yordam ko`rsatadigan, har bir xodimi tomonidan «Xalq manfaatlariga xizmat qilish»ni o`z xizmat burchi deb biladigan ijtimoiy yo`naltirilgan professional tuzilmaga aylantirishga qaratilgan keng ko`lamli amaliy ishlar ro`yobga chiqarildi.

Ichki ishlar organlari faoliyatining barcha sohalarini tubdan takomillashtirishga qaratilgan muhim normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi, buning natijasida so`nggi yillarda faoliyat mazmuni butunlay o`zgardi. Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning mutlaqo yangi tizimi yaratildi.

Ichki ishlar organlari jazolovchi, nazorat qiluvchi organdan xalq, jamiyat, davlat va fuqarolarning huquq, erkinlik hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qiladigan, jamoatchilik bilan yaqin hamkorlikda jinoyatchilikka qarshi kurashadigan va huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiradigan xalqchil organga aylandi.

Aholi bilan doimiy manzilli muloqot o`rnatish, fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin hamkorlikni yo`lga qo`yish, ichki ishlar organlari rahbarlarining hokimiyat vakillik organi timsolida xalq oldida, profilaktika inspektorlarining mahalla fuqarolar yig`inlarida hisobot berish tizimi yo`lga qo`yildi.

Albatta, shiddat bilan rivojlanib borayotgan davr talablari ichki ishlar organlari xodimlarining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirib borish, ularni qabul qilinayotgan qonun hujjatlaridan xabardorlik darajasini oshirish, ular tomonidan yangi normativ-huquqiy hujjatlarni amalda qo`llash eng muhim vazifalardan hisoblanadi.

Ichki ishlar organlari xodimlarining malakasini tizimli va samarali amalga oshirish – davr talabi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi «Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi hamda 2018 yil 23 avgustdagi «Ichki ishlar organlari boshqaruv, nazorat va shaxsiy tarkib bilan ishlashning samarali tizimini joriy etish bo`yicha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qarorlari ichki ishlar organlari xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Ayni kunlarda Institut professor-o`qituvchilari tomonidan Jizzax viloyatidagi tumanlar va shaharlar ichki ishlar organlarining tashkiliy bo`lim (bo`linma)lar boshliqlari, jinoyat-qidiruv bo`limlari tezkor vakillari, tergov bo`linmalarining tergovchi va surishtiruvchilari uchun malaka oshirish sayyor o`quv yig`inlari o`tkazilmoqda.

O`quv yig`inlarida Davlatimiz Rahbari tomonidan ilgari surilgan ichki ishlar organlari faoliyatiga oid dolzarb vazifalarga, ularning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga, sohaga oid qabul qilingan yangi normativ-huquqiy hujjatlarning talablari bilan tanishtirishga va ular asosida xizmat faoliyati samaradorligini oshirishga alohida e`tibor qaratildi.

– Mamlakatimizda barcha sohalar singari, ichki ishlar organlari tizimini ham takomillashtirish, xalqchil tuzilmaga aylantirish, «Jinoyat haqiqati va adolati», «Qonun va adolat – ustuvor, jinoyatga jazo
– muqarrar» degan tamoyillarni amalda qaror toptirish soha xodimlarining bilim va ko`nikmalarini oshirish bilan uzviy bog`liq,
– deydi Jizzax viloyati Do`stlik tumani IIB Tashkiliy bo`linma boshlig`i, mayor Hamid Qo`shmonov. Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari tomonidan ta`lim muassasamizning Jizzax viloyatidagi filialida o`tkazilayotgan besh kunlik sayyor o`quv yig`inlarida sohaga oid yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, soha faoliyatiga oid tajribalar bilan yaqindan tanishyapmiz. Endilikdagi asosiy vazifamiz olgan bilimlarimizni kundalik faoliyatimizga tadbiq etish hisoblanadi.

O`quv yig`iniga jalb qilingan xodimlarga joydagi ichki ishlar organlarida xizmatni to`g`ri tashkil qilish, huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish, jamoat xavfsizligini ta`minlash, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi muammolar va ularning echimlari yuzasidan tegishli tavsiyalar berilmoqda.

Xalq ichiga kirib borish va aholi bilan muloqot o`rnatish institut jamoasining ustuvor maqsadlaridan biri

Aholining tinch va osoyishta hayotini ta`minlash, jamiyatda jinoyatchilikka qarshi kurashish immunitetini shakllantirish, xavfsizlikka tahdidlarni «o`ziniki va o`zgalarniki» deb ajratish tuyg`usidan voz kechish, huquqbuzarliklarni sodir etishga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni o`z vaqtida bartaraf etish, «Xavfsiz hudud», «Xavfsiz mahalla», «Xavfsiz xonadon» kabi loyihalarni ijtimoiy hayotga tadbiq etish kabi muhim vazifalarni amalga oshirishda natijadorlikka erishish ko`p jihatdan xalq bilan samarali muloqotni o`rnatishga bog`liq.

Ushbu ustuvor vazifalarning dolzarb ahamiyatga ega ekanligidan kelib chiqib, Institut professor-o`qituvchilari joylarda o`tkazilayotgan sayyor o`quv yig`inlari doirasida mahallalarda huquqiy targ`ibot tadbirlarini va ma`naviy-ma`rifiy uchrashuvlar o`tkazishga alohida e`tibor qaratmoqda.

Jumladan, hududiy ichki ishlar organlari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlarni faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha kengashlar bilan hamkorlikda Zomin tumanidagi «Mustaqillik», Sh.Rashidov nomli, «G`allakor», Sharof Rashidov tumanidagi «Xavastlik», «Ziyokor», «Mulkanlik» hamda Jizzax shahridagi «Sayiljoyi», «Zargarlik», «Toshloq», «Turon» mahallalari aholisi bilan o`tkazilgan tadbirlarda «Mening mahallamda jinoyat sodir bo`lmasligi kerak», «Mahallalarni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish – tinchlik va osoyishtalikni ta`minlashning muhim sharti», «Jinoyatchilikka qarshi birgalikda kurashamiz», «Osoyishtalik uchun barchamiz mas`ulmiz», «Mahallalarda huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishda jamoatchilikning roli», «Oilalar tinchligi – barqarorlik omili» kabi mavzular haqida so`z yuritildi.

Mazkur tadbirlarda aholining mahalliy ahamiyatga molik dolzarb muammolarini eshitishga hamda ularni hududiy ichki ishlar organlari hamda boshqa mas`ul davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda bartaraf etishga ham alohida e`tibor qaratildi.

Bugungi kunda ushbu ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar Institut jamoasi tomonidan Jizzax viloyatidagi boshqa mahallalarda ham o`tkazilmoqda.

– Odamlar orasiga kirib borish, yoshlar qalbiga yo`l topa bilish, oilalar bilan mustahkam aloqa o`rnatish biz mahalla faollarining profilaktika inspektorlari bilan birgalikdagi kundalik vazifamizdir, – deydi Zomin tumani «Mustaqillik» mahalla fuqarolar yig`ini raisi Qaynar Mirzaaxmedov. – Mahallamizda 4 mingdan ziyod turli millat vakillaridan iborat aholi istiqomat qiladi, shulardan 800 ga yaqinini yoshlar tashkil etadi. Bu kabi huquqiy, ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar mahallamizda ijtimoiy-ma`naviy muhit barqarorligini mustahkamlashga hamda oilalar tinchligi, yoshlar ta`lim-tarbiyasida aholining daxldorlik hissini yanada oshirishga o`zining ijobiy ta`sirini ko`rsatadi.

Ulug` muttafakkir bobomiz Abdulla Avloniy ham barkamollikning asosini tarbiyada deb bilib, «Tarbiya bizlar uchun yo hayot – yo mamot,
yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidur», degan edi. Binobarin, oilada va mahallada voyaga etayotgan har bir yosh avlod ongiga atrofdagilarning har bir so`zi, qilayotgan ishlari saqlanib, kelajakda mustaqil bo`lganida ana shu xotiralari bilan ish yuritadi. Demak, yoshlar tarbiyasi uchun nafaqat oila a`zolari, balki mahalladoshlar ham bevosita o`rnak bo`lishi lozim.

– Bugungi kunda yoshlarga berilayotgan e`tibor va yaratilayotgan shart-sharoitlardan manmunmiz, – deya suhbatga qo`shilgan Zomin tumanidagi 60-umumta`lim maktabining 11-sinf o`quvchisi Shahlo Muxammadieva.
Kitob o`qishga qiziqaman, bu borada mahalla guzarimizda mo``jazgina kutubxonaning ochilishi ayni muddao bo`ldi. Zero, kitob insonning do`sti, uning dunyoqarashini kengaytiradi, xotirasini mustahkamlaydi hamda so`z boyligini oshiradi. Kitob o`qigan insondan yomonlik chiqmaydi. Bugun Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari bilan bo`lib o`tgan uchrashuvda ham men bunga yana bir bor amin bo`ldim.

Kam ta`minlangan oilalar, nogironligi bor fuqarolar va yakka yolg`iz keksa avlod vakillarining holidan ham xabar olinmoqda

Institut professor-o`qituvchilari tomonidan mahallalarda istiqomat qilayotgan kam ta`minlangan oilalar, nogironligi bor fuqarolar, yakka yolg`iz keksa avlod vakillari hamda ichki ishlar organlari tizimida uzoq yillar mobaynida samarali mehnat qilgan va bugungi kunda nafaqada bo`lgan faxriylarning holidan xabar olish an`anaga aylanib bormoqda.

Zero, ushbu oilalar va fuqarolarning xolidan xabar olish, ular bilan hamsuhbat bo`lish, qalbiga quloq solish, dardini bilish, muammolarini echish uchun amaliy ko`mak berish savobli ishdir.

Xalqimizga xos bunday ezgu qadriyatlar va savobli ishlarni qilgan insonga esa ruhan engillik baxsh etadi.

– Iste`fodagi kapitanman, ichki ishlar organlarining turli sohalarida samarali xizmat qilib, 1984 yilda pensiyaga chiqdim, shogirdlar etishtirdim, 10 nafar bolani tarbiyalab voyaga etkazdim,
– deydi 1-guruh nogironi zominlik 84 yoshli Sherqul ota Xoliqulov. – 2013 yildan buyon ko`zim ko`rmay qolgan bo`lsa ham radio orqali doimo yangiliklardan xabardor bo`lib boraman. Mahallamiz faollari, tuman va viloyat IIBlardan xodimlar kelib muntazam xabar olib turishadi. Bugun xonadonimga poytaxtimizdan Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutidan mas`ullarning kelib men holimni so`raganliklaridan benihoya xursand bo`ldim. Xalq orasiga kirib ularning dardu-hasratlariga quloq solayotgan rahbarlarni hamisha duo qilaman, sog`-omon bo`lishsin. Prezidentimizga, Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga katta rahmat.

Institut xodimlari Jizzax shahar «Sayiljoyi» mahallasida yashovchi, kam ta`minlangan oila Jiyanboy Sheraliev holidan xabar olish uchun xonadoniga borilganda uning uyda yo`qligi, betob bo`lib qolganligi sababli shifoxonaga ketganligi aniqlandi.

– Mahallamizda yashovchi 1956 yilda tug`ilgan Jiyanboy Sheraliev ikki hafta oldin umr yo`ldoshidan ayrilib qoldi. Jami 15 kishi yashaydigan oila tashvishi ham unga qiyinchiliklar tug`dirmoqda, – deydi Jizzax shahar «Sayiljoyi» mahalla fuqarolar yig`ini raisi Innatilla Shokirov. – 1990 yilda tug`ilgan kenja o`g`li Muhiddin Sheraliev ruhiy kasal, uni davolatish uchun mahalla faollari, profilaktika inspektorlari bilan birgalikda tegishli idoralar orqali yordam ko`rsatish, ushbu oilaning muammolarini hal etishga ko`maklashish choralari ko`rilmoqda.

Shuningdek, Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari tomonidan Sharof Rashidov tumani «Xavastlik» mahallasida yashovchi,
kam ta`minlangan oila Maqsuda Yusupovaning ham xolidan xabar olindi.

Eng muhimi, Institut professor-o`qituvchilari ushbu oliyjanob ishlarga ichki ishlar organlari tizimida faoliyat ko`rsatayotgan har bir xodimning hissa qo`shishi kelajakda sohani xalqparvar tizimga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etishi joylarda o`tkazilayotgan sayyor o`quv yig`inlarida ham tushuntirib bermoqdalar.

Institut professor-o`qituvchilari tomonidan joylarda sayyor o`quv yig`inlari, mahallalarda targ`ibot tadbirlari hamda kam ta`minlangan oilalar, nogironligi bor fuqarolar va yakka yolg`iz keksa avlod vakillarining holidan xabar olish kabi ezgu ishlar joylarda davom etmoqda.

O`zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar