AsosiyJamiyat

Maxsus operasiya kuchlari bo`linmalari tomonidan jangovar tayyorgarlikning yangicha usullari namoyish etildi (Video)

'Maxsus operasiya kuchlari bo`linmalari tomonidan jangovar tayyorgarlikning yangicha usullari namoyish etildi (Video)'ning rasmi

Markaziy harbiy okrug jangovar tayyorgarlik boshqarmasi hamda Maxsus operasiya kuchlari bo`limi tomonidan Mudofaa vazirligi qo`shinlarida jangovar tayyorgarlikning oddiy va samarali usullarini qo`llash bo`yicha bir nechta usul va metodlar ishlab chiqildi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma`lum qildi.

Jizzax garnizonidagi Maxsus operasiya kuchlari joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari tomonidan yangicha yondashuvdagi ushbu mashqlar harbiy estafeta musobaqasi ko`rinishida ko`rsatib o`tildi.

O`zbekiston Qurolli Kuchlarini qudratini oshirishda bevosita jangovar tayyorgarlik mashg`ulotlarining o`rni katta. Shu sababli hozirgi vaqtda oddiy, lekin samarali usul va metodlar o`ylab topilmoqda.

Markaziy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondonining o`rinbosari polkovnik Po`lat Sotivoldiev tomonidan tavsiya qilinayotgan amaliy mashq usullari va unga kerak bo`ladigan o`quv moddiy baza oddiyligi bilan farqlanadi. Kam vaqt sarflab, qo`lbola vositalardan foydalangan holda yaratilgan “mashq maydonchasi” harbiy xizmatchilarning bo`linma va yakka tartibda jismoniy qobiliyatlari va bilimlarini oshirishga xizmat qiladi.

Jumladan, jamoaviy kompleks o`qitish, ko`z bog`langan holda qurolni noto`liq qismlarga ajratish va yig`ish, jang maydonida har usullarda otish holatini egallash, kompleks shug`ullanish, jang maydonidan yaradorlarni olib chiqish, o`q-dori etkazish, to`sin bilan jamoaviy shug`ullanish va boshqa mashqlar harbiy jamoalar o`rtasidagi sog`lom raqobat muhitini yaratib, harbiy xizmatchilarning epchillik va chaqqonlik fazilatlarini yanada rivojlantiradi.

Misol uchun, “Askarlar yopinchig`i” metodida aylana shaklda o`q-otar qurollar namunalari qo`yiladi. Harbiy xizmatchilar esa qurollardan bir qadam uzoqlikda turishadi. Komanda berilgandan so`ng, harakat soat yo`nalishi yoki qarama qarshi yo`nalish bo`ylab almashgan holda davom ettiriladi. Bunda bo`linmalarning barcha tarkibdagi qurollarni noto`liq qismlarga ajratish-yig`ish bilim va malakasi oshiriladi.

Shuningdek, harbiy okrugda innovasion yondashuvlar asosidagi ixtirochilik ishlari yo`lga qo`yilgan bo`lib, ishlanmalar harbiy hayotga tatbiq etilmoqda.


    Boshqa yangiliklar