O`zbekiston yoshlari umumjahon assosiasiyasi tomonidan Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida joylashgan Xalqaro yoshlar oromgohida “o`zbek-afg`on” do`stlik oromgohi tashkil etildi. Unda jami 21 nafar Afg`oniston Islom Respublikasida ta`lim olayotgan etnik o`zbek talabalar, yoshlar tashkiloti xodimlari va 15 nafar o`zbekistonlik faol yoshlar ishtirok etmoqda.
Dastlabki kun uchrashuvlar davomida o`zbek va afg`on yoshlari o`rtasida “Tinchlik uchun” hayriya aksiyasi va Afg`oniston Islom Respublikasida istiqomat qilayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda o`zbek tilida faoliyat yuritayotgan umumiy o`rta ta`lim maktablaridagi etnik o`zbek oila farzandlariga o`quv-qurollarini tarqatish kabi qator sahovat tadbirlarini o`tkazishga kelishib olindi.
Loyiha doirasida O`zbekiston yoshlari umumjahon assosiasiyasi va Afg`oniston Islom Respublikasi yoshlar tashkiloti vakillari bilan uchrashuvlar, O`zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati bo`yicha amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishuv, O`zbekiston yoshlar ittifoqi hamda O`zbekiston yoshlari umumjahon assosiasiyasi faoliyati yuzasidan taqdimotlar, O`zbekistonning boy tarixi va madaniy merosi bilan tanishtiruvchi ma`ruza soatlari hamdao`zbek tili darslari, sayohat va konsert dasturlari tashkil etiladi.
Shuningdek, O`zbekiston tarixiga oid ma`lumotlar berilib, interaktiv shaklda o`zbek tili o`rgatiladi. O`zbek kinemotografiyasining oltin durdonalaridan biri bo`lgan o`zbekkino (Vatan) ga tashrif buyuriladi. Bundan tashqari, “Do`stlik” futbol turniri,“Kvest” o`yinlari ham o`tkaziladi.
Do`stlik oromgohi yakunida afg`on va o`zbek yoshlari uchun Surxondaryo viloyatining tarixiy obidalariga sayohatlar uyushtirilib, Termiz shahridagi Afg`oniston fuqarolarini o`qitish markazi faoliyati bilan yaqindan tanishtiriladi. Oromgoh ishi 23 sentyabrga qadar davom etadi...






