Toshkentda «Xavfsiz shahar» integrasiyalangan tizimni yaratish bo`yicha investisiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali ma`lum qildi.
Qaror bilan Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligining «Xavfsiz shaxar» jamoat tartibiga ko`maklashish markazi integrasiyalangan tizimini saqlash va texnik qo`llab-quvvatlash bo`yicha vakolatli davlat tashkiloti etib belgilandi.
Qarorga ko`ra, loyiha doirasida Toshkent shahrida quyidagilar tashkil etiladi:
Vaziyatlarni boshqarish yagona markazi;
Ma`lumotlarni qayta ishlash markazi;
Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, ichki ishlar organlari, tez tibbiy yordam va gaz tizimi shoshilinch tezkor xizmatlari bo`yicha yagona navbatchi-dispetcherlik xizmati (112);
Davlat organlari va tashkilotlarning axborot tizimlarini «Xavfsiz shahar» tizimiga majburiy integrasiyalash;
Yo`l harakati qoidalari buzilishi holatlarini foto-video qayd qilish, turar joylar va ijtimoiy ahamiyatli ob`ektlar monitoringini olib borish.






