AsosiyJamiyat

Sog`liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidiy chiqishlarga munosabat bildirdi

'Sog`liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidiy chiqishlarga munosabat bildirdi'ning rasmi

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda turli sohaga tegishli muammoli masalalar surat, audio, video shaklida tarqatilmoqda. Ularga tegishli soha mutasaddilari o`rganib chiqib, o`z munosabatini bildirib kelishmoqda. Jumladan, O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi ham bir necha shunday xabarlarga oydinlik kiritdi.

Qashqadaryoda ro`y bergan holat o`z tasdig`ini topmadi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyat1-sonli ruhiy-asab kasalliklar dispanseridagi bemorlarning og`ir sharoitda davolanayotgani haqida videolavha tarqalgandi. Ushbu holat yuzasidan viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi hamda tegishli mutasaddilar ishtirokida o`rganish ishlari olib borildi va quyidagilar aniqlandi:

Viloyat 1-son asab-ruhiy kasalliklar dispanseri 260 o`ringa mo`ljallangan bo`lib, 5 ta maxsus bo`lim – markaziy zararsizlantirish, fizioterapiya, klinik bioximiya laboratoriya xamda diagnostika bo`limlari faoliyat ko`rsatmoqda. Barcha xonalar zarur vositalar bilan ta`minlangan, jumladan, bemorlar uchun alohida o`rinlar, yumshoq jihozlar mavjud. Shuningdek, har bir bo`limda alohida yuvinish xonalari hamda hojatxonalari ham bor. Bu erda bemorlar uchun shifoxona oshxonasida maxsus oqatlanish menyusi asosida kuniga 3 mahal issiq ovqat tayyorlanadi.

Shuni alohida ta`kidlash lozimki, shifoxona 2013 yilda kapital tamirdan chiqarilgan va bu erda har yili joriy ta`mirlash ishlari olib boriladi. Videolavhada aks etgan holatni o`rganish maqsadida joriy yil 21 avgust kuni viloyat prokuraturasi hamda viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi vakillari tomonidan tuzilgan ishchi guruh tasvirda ko`rsatilgan holat bo`yicha maxsus tekshiruv amalga oshirildi. Har bitta palata alohida-alohida o`rganib chiqilib, bo`lim xodimlari bilan suhbatlar o`tkazildi. Natijada, videolavhada aks etgan vajlar o`z tasdig`ini topmadi.

Paxtaobodlik chaqaloq uy sharoitida ichak infeksiyasi tufayli xastalangan

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Paxtaobod tumanilik Z. Zaynobiddinovning 2019 yil 17 iyulda tug`ilgan jiyani Abdulaziz Isomiddinovga tibbiyot muassasasida malakali tibbiy yordam ko`rsatilmagani tufayli bola komaga tushgani haqida murojaati tarqaldi. Sog`liqni saqlash vazirligi topshirig`iga ko`ra, Andijon viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasi tomonidan mazkur vaziyat o`rganilib, quyidagilarni ma`lum qiladi:

Isomiddinov Abdulaziz 2019 yil 17 iyul kuni Paxtaobod tumani tug`ruq kompleksida tug`ilgan. Onasining ushbu chaqaloqqa homiladorlik davri surunkali kamqonlik va homiladorlik toksikozi bilan og`ir o`tgan. Shifoxonada tug`ruq jarayonida va tug`ruqdan keyin ona-bolaga malakali tibbiy yordam ko`rsatilgan.

Chaqaloq tug`ruqdan keyinona suti bilan oziqlantirilgan. Bolaning ahvoli talab darajasida bo`lgani uchun tug`ruq majmuasida tegishli emlash muolajalarini barchasini olgan. 22 iyul kuni malakali mutaxassislar ishtirokida ko`rikdan o`tkazilganda bolaning ahvoli qoniqarli baholangan va hudud patronaj hamshirasi N.Ahmedova hamrohligida uyiga ruxsat berilgan.

Biroq oradan bir oy o`tmasdan, shu yil 20 avgust kuni bola Paxtaobod tumani tibbiyot birlashmasi bolalar shoshilinch reanimasiya bo`limiga talvasa tutishi, emishdan bosh tortishga shikoyat bilan olib kelingan. Bemor zudlik bilan tibbiy ko`rikdan o`tkazilib, muolaja tayinlangan. Shu bilan bir qatorda, sanitar aviasiya yo`nalishida viloyatdagi malakali nevropatolog va okulistlar ham bolani ko`rikdan o`tkazgan. Ayni paytda bola reanimasiya muolajalarini davom ettirayapti.

Shu o`rinda aytish kerakki, chaqaloqning bunday xastalikka chalinishiga, ya`ni markaziy nerv sistemasida qon aylanishining buzilishiga murojaatda aytilganidek, Vitamin K olmagani sabab bo`lmagan. Bunga bolada uy sharoitda ichak infeksiyasi yuzaga kelgani asosiy sabab bo`lishi ehtimoli yuqori. Shuning hisobiga qorin sohasida kuchli og`riq bo`lgan va talvasa sindromi kuzatilgan. Bu esa dastlabki xulosalarga ko`ra, miyada qon aylanish sistemasining buzilishini yuzaga keltirgan. Natijada, bosh miyada qon bosimi ortib, bolaning ahvoli og`irlashgan. Ushbu holat bo`yicha bolaning ota-onasi va qarindoshlariga tushuntirish berildi.

Bundan tashqari, tibbiyot muassasasida o`tkazilgan o`rganishlar jarayonida narkoz uchun ishlatiladigan dori-darmonlar va boshqa zarur shifo vositalari tanqisligi holati aniqlanmadi.

Navoiylik bemorga barcha zarur tibbiy yordam ko`rsatilgan

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan navoiylik 66 yoshli K.B. shahar markaziy shifoxonasida zarur tibbiy jihozlar bo`lmagani sabab vafot etgani haqida xabar yuzasidan Sog`liqni saqlash vazirligi topshirig`iga ko`ra, Navoiy viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasi tomonidan tekshiruv olib borib, quyidagilar ma`lum qilinadi:

Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi K.B. birinchi marotaba shu yilning iyun oyida Navoiy kon-metallurgiya kombinati tibbiy sanitariya bo`limiga qarashli kattalar poliklinikasida onkolog mutaxassisi ko`rigidan so`ng tegishli tahlillar natijasiga ko`ra, “Xodjkin limfomasi” tashxisi bilan dispanser nazoratiga olingan.

Ilk tahlil natijalari asosida bemor jarrohlik bo`limida ikki kun yotqizilib (22-24 iyul kunlari) I bosqich ximiyaterapiya davo muolajalarini o`tkazgan. Shundan so`ng, shifokorlar tomonidan 5 avgustda keyingi – II bosqich ximiyaterapiya muolajasi uchun stasionar usulda yotib davolanishi zarurligi ta`kidlangan va muolaja olishi uchun yo`llanma berilgan.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati tibbiy-sanitariya bo`limi tomonidan berilgan ma`lumotlarga ko`ra, bemor ahvoli og`irlashib qolganligi sabab uning yaqinlari 3 avgust kuni soat 09:15da tez yordam xizmatiga murojaat qilgan. Tez tibbiy yordam shifokori tomonidan K.B. ko`rikdan o`tkazilgan, kerakli muolaja tavsiya qilingandan so`ng, uyida qoldirilgan. Ertasi kuni ham shu holat qayta takrorlangan va chaqiruvga kelgan tez yordam feldsheri tomonidan tibbiy yordam ko`rsatilgan.

Shu kuni kech soat 19:55da bemorning ahvoli yana og`irlashganligi sababli qayta tez yordam chaqirilgan. Bemorga shifokorlar tomonidan barcha tibbiy yordam ko`rsatilgan va shifoxonaga olib kelish vaqtida K.B. tibbiyot zambilida tez tibbiy yordam mashinasigacha tushishdan bosh tortgan va tibbiyot xodimi hamda qarindoshlari hamrohligida zinadan o`zi yurib tushgan.

Bemor Navoiy kon-metallurgiya kombinati tibbiy-sanitariya bo`limining qabul bo`limiga olib kelingan. Navbatchi jarroh tomonidan ko`rilib, terapevt ko`rigiga tavsiya etilgan. Bemorda og`riq bo`lganligi sababli davolash standarti bo`yicha og`riq qoldirish maqsadida kerakli in`eksiya tavsiya etilgan. Ammo K.B. muolajadan bosh tortgan. Shuningdek, navbatchi shifokor tomonidan bemor tibbiy ko`rikdan o`tkazilganda nafas etishmovchiligi belgilari bo`lmagan. 5 avgust kuni rejali ravishda keyingi ximiyaterapiya muolajasini olishi uchun yotishga tavsiya etilib, uyiga javob berilgan.

Joriy yilning 4 avgust kuni K.B.ning qizi tomonidan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Navoiy viloyati filiali tez tibbiy yordam xizmatiga qayta chaqiriq berilgan hamda chaqiriqqa reanimasion brigada barcha tibbiy jihozlar bilan jihozlangan reanimobil avtomashinasida etib borgan. Maxsus brigada shifokorlari bemorni Xodjkin limfomasi, bo`yin limfa tugunlari metastazi, o`tkir nafas etishmovchiligi hamda arterial gipertenziyaning 2-daraja tashxisi bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazining Navoiy viloyat filialiga 23:05da olib kelgan. Bemorning umumiy ahvolini inobatga olgan holda shifokorlar tomonidan zudlik bilan reanimasion tadbirlar o`tkazilgan (reanimasion tadbirlar 35 daqiqa davom etgan). Shuncha sa`y-harakatga qaramay kasallikning surunkali tusga o`tib ketganligi, uning so`nggi bosqichlarda aniqlanganligi hamda bo`yin, o`mrov va qo`ltiq osti limfa tugunlarining zararlanishi oqibatida shu kuni soat 23:40da K.B.da biologik o`lim holati qayd etilgan.

Ayni paytda yuqoridagi holat yuzasidan Navoiy viloyat prokuraturasi tomonidan xizmat tekshiruvi olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar