Farg`ona viloyati 2-sektor rahbarining navbatdagi sayyor qabuli Bag`dod tumanida o`tkazildi.
Qabul davomida 46 nafar fuqarolarning murojaati tinglandi va 41 ta yozma murojaatlar qabul qilinib, ularning aksariyatiga shu erning o`zida echim topildi.
Murojaatlar asosan ichimlik suvi ta`minoti, sog`liqni saqlash, ishga joylashish, uy-joy, moddiy yordam, tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash hamda kommunal masalalarga oid bo`ldi.
Xususan, “Govxona” qishlog`ining Tadbirkor va Qo`shchinor ko`chalari, “Qaroqchitol” va “Qorovultepa” qishloqlarida aholini toza ichimlik suviga bo`lgan ehtiyoji mavjudligi, ichimlik suvi tarmog`i va nasoslar ta`mirga muxtojligi ma`lum bo`lib, bu masalalarni ko`targan T.Rahmonov, U.Isoqov, X.Sarimsoqova, X.Ermatovlarning murojaatlarini ijobiy hal etish choralari belgilandi.
Shuningdek, tuman markazidagi ko`p qavatli uylarda yashovchi aholining murojaatiga asosan kanalizasiya tarmoqlarini tozalash va maishiy chiqindilarni belgilangan vaqtda tashib ketishni yo`lga qo`yish bo`yicha tegishli tashkilot rahbarlarining mas`uliyati oshirildi.
Sayyor qabul jarayonining o`zida 5 nafar shaxslar ishga joylashtirildi,2 nafariga nogironlik aravachasi, 1 nafariga eshitish uskunasi berildi, 2 nafari davolanishga yotqizildi, 2 nafariga sihatgohga bepul yo`llanmalar berildi.
- Joriy yilda xorijiy til va adabiyoti yo`nalishi bo`yicha oliy o`quv yurtini tamomlagan bo`lsam-da, hozirga qadar ishga joylasha olmadim. Sayyor qabul davomida murojaatim ijobiy hal etilib, maktabga ishga joylandim, - deydi “Churindi” qishlog`idan M.Alijonova.
- Buzilishga tushgan savdo do`konim o`rniga tuman hokimligi tomonidan er maydoni ajratilmagani haqida murojaat qildim. Murojaatim tegishli tashkilot vakillari ishtirokida ko`rib chiqilib, ijobiy hal etish bo`yicha chora-tadbirlar belgilandi,- deb murojaat qildi Bag`dod shaharchasida yashovchi B.Mirzaqulov.
Shu bilan birga, viloyat prokurori tomonidan kam ta`minlangan oilalarning xonadonlariga borildi.
Xususan, fuqaro Z.Usmonovaning xonadoniga borilganda, oilada 4 nafar fuqarolar istiqomat qilishi, o`zi va qizi M.Ubaydullaeva ishsizligi, ikki nafar farzandi maktab o`quvchisi ekanligi, oila Z.Usmonovaning yollanma mehnati orqali kun kechirayotganligi, yashash uyi 1959 yilda qurilgan bo`lib, ta`mirga muxtojligi ma`lum bo`ldi.
O`rganish davomida, ikki xonadondan iborat yashash uyi qurish masalasini ko`rib chiqish haqida mutasaddilarga ko`rsatmalar berilib, Z.Usmonova va qizi M.Ubaydullaevalarning ishga joylashtirilishi ta`minlandi.
Bundan tashqari, F.Isaqovaning yashash xonadoni o`rganilganda, xonadonda 2 nafar farzandlari bilan birga yashab kelayotganligi, F.Isaqova kasalligi, qizi D.Isaqova ishsizligi, o`g`li I.Raximberdiev nogironligi ma`lum bo`ldi.
O`rganish davomida, F.Isaqovaning yashash uyi kadastr hujjatlari rasmiylashtirildi, o`zi va farzandiga davolash chora-tadbirlari belgilandi, qizi D.Isaqovaga bepul tikuv mashinasi berildi.






