Bugun mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 9904 ta davlat umumta`lim muassasalarida 2019-2020 o`quv yili boshlandi. Ta`kidlash joizki, mazkur o`quv yilida maktablar o`tgan o`quv yiliga nisbatan 213 taga ko`paydi.
2019-2020 o`quv yilida maktablarda jami 6,16 mln. nafar o`quvchi tahsil oladi. Bu esa o`tgan o`quv yiliga nisbatan 338,56 ming nafar o`quvchi ko`p ekanligidan dalolat beradi. Shundan 620 ming nafardan ortiq o`quvchilar ilk bor 1-sinfga qadam qo`ydi.
O`quv yilining birinchi kunida 1-sinfga chiqqan barcha o`quvchilarga “Prezident sovg`asi” topshirildi.
Joriy o`quv yilida 1-sinf o`quvchilari uchun beriladigan “Prezident sovg`asi” tarkibidagi mahsulotlarning sifatiga katta ahamiyat berildi.
1-sinf o`quvchilari uchun “Prezident sovg`asi”dan 12 turdagi o`quv qurollari o`rin olgan.
2019-2020 o`quv yilida umumiy o`rta ta`lim maktablarining 1-, 3-, 8-, 9-sinflari uchun jami 479 nomda 36,5 mln. nusxa darslik va o`quv-metodik qo`llanmalar nashr etildi.
Yangi o`quv yili uchun darslik hamda o`quv-metodik qo`llanmalarni nashrga tayyorlashda asosiy e`tibor mazmun va sifat jihatidan xalqaro talablarga javob berishiga qaratildi.
Yana bir muhim jihat shundan iboratki, darslik va o`quv-metodik adabiyotlarning mazmuniga xalqaro baholash dasturi PISA, TIMSS talablari singdirildi.
Shuningdek, darsliklar innovasion yondashuv asosida tayyorlandi. Bunda o`quvchilarni mantiqiy fikrlashga yo`naltirilgan ta`limiy o`yin, mashq, masala va topshiriqlarga urg`u berildi.
Yana bir yangilik, o`quvchilar, o`qituvchilar, ota-onalarga keng imkoniyatlar yaratish maqsadida 2019-2020 o`quv yilida umumiy o`rta ta`lim maktablarining 8-9-sinflar uchun Texnologiya darsligining yangi avlodi (mustaqillik yillarida ilk marotaba) chop etildi hamda ijara tizimiga kiritildi. Ahamiyatlisi, mazkur darsliklar 7 tilda nashr etildi.
Texnologiya va 8-sinf Ona tili darsliklari mazmuni o`quvchilarning texnik qobiliyatini rivojlantirishga oid amaliy, kreativ, mantiqiy yondoshuvga asoslangan topshiriqlar bilan boyitildi. Bu STEAM texnologiyalari talablari asosida amalga oshirildi.
8-sinflar uchun Geografiya, Texnologiya hamda O`zbekiston davlati va huquqi asoslari darsliklarida QR-kod yordamida qo`shimcha ma`lumot olish imkoniyati yaratildi. 8-9-sinf Tarix darsliklari xaritalar bilan boyitildi.
2019-2020 o`quv yilida imkoniyati cheklangan bolalar maktab va maktab-internatlari uchun 78 nomda 60,6 ming nusxa darslik hamda o`quv qo`llanmalar chop etildi. Shundan 8 nomdagisi ko`zi ojizlar uchun Brayl alifbosidagi darsliklar hisoblanadi. Darsliklar maktablarga etkazildi.
2019-2020 o`quv yilida 247 372 dona sinf jurnallari chop etilib, “O`quv ta`lim-ta`minot” Davlat unitar korxonasi tomonidan barcha umumiy o`rta ta`lim maktablariga etkazildi.
Bundan tashqari, 99 440 dona 1-4-sinf jurnallari, 633 575 dona baholar tabeli (1-11-sinflar), 453 207 dona baholar tabeli (10-11-sinflar uchun) va 15 000 dona to`garak mashg`ulotlar jurnallari ta`lim muassasalariga etkazildi.
2019-2020 o`quv yili rejasi Xalq ta`limi vazirligining 2018 yil 29 oktyabrdagi 266-son buyrug`i bilan tasdiqlanib, hududiy boshqarmalar orqali barcha umumta`lim maktablariga etkazildi.
Bu yilgi o`quv rejaga kiritilgan eng katta o`zgarishlardan biri - ta`lim rus tili va qardosh tillarda olib boriladigan umumta`lim maktablarida davlat (o`zbek) tilini chuqurroq o`rgatishmaqsadida 5-sinfdan boshlab, o`zbek tili faniga haftasiga qo`shimcha 1 soat qo`shib berildi.
Quyidagi jadvaldan esa joriy o`quv yilining muhim 10 yangiliki haqida yanada to`liqroq ma`lumot o`rin olgan: