O`zbekiston Respublikasi Oliy sudida navbatdagi rayosat yig`ilishida Oliy sud raisi o`rinbosarining jinoyat ishlari bo`yicha Yashnobod tumani sudining 2018 yil 26 iyuldagi hukmi, jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudi apellyasiya instansiyasining 2018 yil 23 oktyabrdagi hamda O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`atining 2019 yil 10 iyundagi ajrimlarining A.Aliqulovga oid qismini o`zgartirib, unga tayinlangan jazoni engillatishni so`rab kiritgan protesti muhokama qilindi.
Ma`lumot uchun:
A.Aliqulov Jinoyat ishlari bo`yicha Yashnobod tumani sudining 2018 yil 26 iyuldagi hukmiga ko`ra Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismining “a” bandi bilan, Jinoyat kodeksining 45, 57-moddalari qo`llanilib, 1 yil moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlangan.
A. Aliqulov “IDEAL LUCKY SERVISE” mas`uliyati cheklangan jamiyatga va jamiyat rahbariga tegishli qariyb 101 million so`mlik mulklarni yashirin ravishda talon-toroj qilgan.
Oliy sud plenumining 2006 yil 3 fevraldagi “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to`g`risida”gi qarorining 3-bandida Jinoyat kodeksining 8, 54- moddalari mazmuniga ko`ra jazo adolatli bo`lishi – har bir holatda individual tayinlanishi, jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga, aybdorning shaxsiga, shuningdek, jazoni engillashtiruvchi va og`irlashtiruvchi holatlarga muvofiq bo`lishi kerakligi to`g`risida tushuntirish berilgan. Ish hujjatlarida aniqlangan holatlarga ko`ra, jinoyat natijasida etkazilgan moddiy zarar to`liq qoplangan Jabrlanuvchilarning sudlanuvchiga nisbatan da`vosi mavjud emas.
A. Aliqulov muqaddam sudlanmagan, yashash va ish joyidan ijobiy tavsiflangan, jinoyatni ochishda yordam bergan. Hozirda sudlanuvchi 62 yoshdan oshgan, sud tomonidan tayinlangan jazoning bir yildan ortiqroq qismini o`tab bo`lgan va sodir etgan qilmishidan chin ko`ngildan pushaymon.
Oliy sud raisi o`rinbosarining Oliy sud rayosatiga kiritgan protesti qanoatlantirilib, rayosat qarori ijroga yuborildi.
A.Aliqulov ozodlikka chiqib, uyiga qaytdi. Mustaqillik bayrami kunlari oilasi bag`riga qaytgan otaxon yurtimizdagi insonparvarlik, bag`rikenglik kabi tamoyillar hayotimizni bezab turgan yuksak tushunchalar ekanini his etdi.