AsosiyJamiyat

Sobiq Farg`ona IIBB boshlig`i Donald Trampga maktub yozdi

'Sobiq Farg`ona IIBB boshlig`i Donald Trampga maktub yozdi'ning rasmi

Davlat sirlarini oshkor qilganlikda ayblanib, qamalgan o`zbekistonlik Sobiq Farg`ona IIBB boshlig`i AQSh prezidenti Donald Trampdan yordam so`rab maktub yozdi.

Farg`ona viloyati sobiq IIB boshlig`i, milisiya mayori Dilmurod Madaliev AQSh prezidenti Donald Trampga 19 avgustda yozgan maktubida «nohaq jazoga tortilganidan» arz qildi. U 2011 yilda «davlat sirlarini oshkor qilishda» ayblanib 8 yilga qamalgan edi.

Qayd etilishicha, sobiq IIB boshlig`i o`z maktubida joriy yilda jazoga tortilgan prokuratura amaldorlarining qurboni bo`lganini iddao qilgan. Madaliev AQSh prezidentidan o`zi ustidan chiqarilgan sud hukmi bekor qilinib, nomi oqlanishiga ta`sir ko`rsatishni so`ragan.

Dilmurod Madaliev AQSh prezidentiga maktub yozishdan oldin O`zbekiston huquq-tartibot organlari va sud organlariga 300 marta murojaat qilishiga qaramay, javob ololmaganini aytgan.

2011 yil boshida Farg`ona shahar IIB boshlig`i lavozimiga tayinlangan Madaliev joriy yilning may oyida Jinoyat kodeksining 162-moddasida (Davlat sirlarini oshkor qilish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanib hibsga olingan. U sud hukmi bilan 8 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Madaliev shu muddatdan 6 yilini o`tab, ozodlikka chiqqan.

Nashrning yozishicha, ayblov xulosasida Madaliev maxfiy hujjatlarni o`z qo`l ostidagi xodimga iznsiz ko`rsatganligi uchun ayblangan. Bu hujjatlarda qanday maxfiy ma`lumot borligi ayblov hujjatida keltirilmagan.

Madaliev esa Farg`ona shahar IIBda hech qanday maxfiy hujjatlar bo`lmagani va bu ayblov tuhmat ekanligini aytgan. U o`zini prokuratura xodimlari qurboni hisoblashini aytgan.

Ta`kidlanishicha, Madalievga qarshi ayblovni ilgari surib, uning uzoq muddatga qamalishini «ta`minlagan» prokuratura xodimlari joriy yilda korrupsiya, poraxo`rlik va xizmat vazifasini suiiste`mol qilganlikda ayblanib jazoga tortilgan. Xususan, joriy yilning iyunida O`zbekiston prokuraturasi sobiq amaldorlari — Ulug`bek Sunnatov 19 yilga, Ulug`bek Xurramov 14 yilga, Jamshid Fayziev 13 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Shuningdek, Oliy sud raisining sobiq o`rinbosari Bahodir Dehqonov hibsga olinib, sudga tortilgan.

Dilmurod Madalievning «jinoyat ishi»ga oid hujjatlarda aynan shu shaxslarning imzolari mavjud. Madaliev «bu mulozimlarning poraxo`rligi va maishiy buzuqligi haqidagi ma`lumotlarga ega bo`lgani bois, ularning o`ch olish nishoniga aylanganini» aytgan.

Bu mulozimlarga Farg`onadagi huquq-tartibot xodimlari har oy katta miqdorda pul to`plab berib turganidan Madaliev xabardor bo`lgan.

Ma`lum qilinishicha, Madaliev bu amaldorlarning jazolangani adolat tantanasi bo`lganini ta`kidlagan. Ammo ular o`ch olish uchun qamatgan odamlarning ishi qayta ko`rib chiqilmagani bu adolatga soya solayotganini aytgan.

Xabarda aytilishicha, O`zbekiston Oliy sudining Dilmurod Madalievga uning shikoyati yuzasidan bergan javob xatida «Sud qarorini o`zgartirish uchun asoslar majvjud emasligi» aytilgan. Ayni mazmundagi xulosani O`zbekiston Bosh prokuraturasi ham bergan.

Madalievning aytishicha, uning maktubiga AQSh prezidenti Donald Trampdan hali javob kelmagan.

    Boshqa yangiliklar