AsosiyJamiyat

“Temur tuzuklari bilimdoni” tanlovining respublika bosqichi g`olibi aniqlandi

'“Temur tuzuklari bilimdoni” tanlovining  respublika bosqichi g`olibi aniqlandi'ning rasmi

O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida “Temur tuzuklari bilimdoni” tanlovining respublika bosqichi o`tkazildi.

Unda tanlovning hududiy bosqichlarida g`oliblikni qo`lga kiritgan, Amir Temurning shoh asari bo`lgan “Temur tuzuklari” kitobini sinchkovlik bilan o`qigan va uqqan 14 nafar yosh harbiy xizmatchilar o`zaro bellashdi. Mazkur bosqichda qatnashchilar “Amir Temur va bugungi zamon”, “Amir Temurning harbiy saboqlari” hamda “Amir Temur o`gitlari bilimdoni” kabi shartlarda qizg`in bahs olib bordi.

—Ushbu tanlov O`zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiyasi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo`shinlari, Davlat bojxona qo`mitasi hamkorligida tashkil etildi, – deydi O`zbekiston yoshlarittifoqi Markaziy Kengashi bosh mutaxassisi Qandil Boboqulov. —14 nafar ishtirokchining 6 nafari Mudofaa vazirligi tizimidan, 3 nafari Ichki ishlar vazirligi tizimidan, 1 nafari Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimidan, 2 nafari Milliy gvardiya tizimidan, 1 nafari Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo`shinlaridan va yana 1 nafari Davlat bojxona qo`mitasi tizimining vakillaridir.

Natijalarga ko`ra “Temur tuzuklari bilimdoni” tanlovining respublika bosqichida mutlaq g`oliblikni Toshkent shahridan Ichki ishlar vazirligi akademiyasi kursanti Lochinbek Hamroqulov qo`lga kiritdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi Jizzax viloyat Yong`in xavfsizligi boshqarmasi xodimi katta leytenant Farruxjon Abduraxmonov 2-o`rinni egallagan bo`lsa, 3-o`ringa Toshkent viloyatidan Milliy gvardiyaga qarashli harbiy qism harbiy xizmatchisi oddiy askar Sodiq Otaboev sazovor bo`ldi. Tanlovda har bir ishtirokchi sohibqiron Amir Temur o`gitlarini puxta o`zlashtirganligi, harbiy saboqlarini chuqur anglaganligini berilgan javoblar orqali ko`rsatishdi.

G`oliblar va sovrindorlar diplom, sertifikat hamda esdalik sovg`alari bilan taqdirlandi.

—288 ta harbiy qism va muassasaning 25ming nafardan ortiq yosh harbiy xizmatchilari orasida respublika bosqichigacha etib kelib, birinchilikni egallash men uchun katta sharaf. “Temur tuzuklari bilimdoni” degan e`tirofga sazovor bo`lish nafaqat quvonch, faxr bag`ishlaydi. Bu o`z navbatida kasbimga bo`lgan mas`uliyatimni ham yanada oshiradi, — deydi Lochinbek Hamroqulov. —Ushbu tanlov yosh harbiylar uchun kitob o`qishga katta motivasiya berdi. “Temur tuzuklari”dagi saboqlarni uqqan har bir yosh sohibqiron o`gitlarini o`zi uchun dasturi amal qilib oladi.

Shahnoza Nurullaeva

    Boshqa yangiliklar