AsosiyJamiyat

Tadbirkorlik faoliyatiga to`sqinlik qilganlar jazolanadi

“O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risidagi” qonuniga muvofiq tadbirkorlik hamda xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning faoliyatiga to`sqinlik qilganlarga nisbatan ma`muriy jazolar qo`llanishi belgilandi. Bu haqda “12news” xabar beradi.
Xususan, qonunning 2411-moddasi quyidagi tahrirda bayon etildi:
“Qonuniy tadbirkorlik faoliyatiga to`sqinlik qilish, ya`ni tadbirkorlik faoliyati sub`ektini davlat ro`yxatidan o`tkazish, davlat xizmati ko`rsatishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibini va muddatlarini buzish, tadbirkorlik faoliyati sub`ektini davlat ro`yxatidan o`tkazishni g`ayriqonuniy ravishda rad etish yoki uni davlat ro`yxatidan o`tkazishdan bo`yin tovlash, davlat xizmati ko`rsatishni g`ayriqonuniy ravishda rad etish yoxud uni ko`rsatishdan bo`yin tovlash, xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning moliya-xo`jalik faoliyatini tekshirish va taftish qilishning belgilangan tartibini buzish, tadbirkorlik faoliyati sub`ektining huquqlari va qonuniy manfaatlarini cheklash, qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan statistika, moliya, soliq hisobotini va boshqa hisobotlarni, shuningdek o`zga hujjatlarni talab qilib olish yoxud nazarda tutilgan hisobotni taqdim etishning belgilangan muddatlari va tartibiga zid ravishda talab qilib olish, xuddi shuningdek uning mustaqilligini boshqacha tarzda cheklash yoki uning faoliyatiga boshqacha tarzda qonunga xilof ravishda aralashish, — mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining o`n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma`muriy jazo chorasi qo`llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo`lsa, — mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining yigirma baravaridan o`ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi”.
2412-moddaning sanksiyasi quyidagi tahrirda bayon etildi:
“fuqarolarga eng kam ish haqining ikki baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yigirma baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi”.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar